Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda 81 dona daraxtni kesib tashlaganlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 1 mlrd. 891,3 mln. so‘m zarar undirildi

Toshkentda 81 dona daraxtni kesib tashlaganlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 1 mlrd. 891,3 mln. so‘m zarar undirildi

Foto: Toshkent shahar prokuraturasi matbuot xizmati

Toshkentning Yakkasaroy tumani Yunus Rajabiy ko‘chasida 81 dona daraxtlar kesilishi holati yuzasidan tekshiruv o‘tkazilayotgani xabar berilgandi.

Jinoyat natijasida o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 1 mlrd. 891,3 mln. so‘m miqdoridagi zarar ayblanuvchilardan undirildi, deyiladi Toshkent shahar prokuraturasi xabarida.

Aniqlanishicha, Toshkent shahar hokimining 2018-yil 18-apreldagi 608-sonli qaroriga asosan, «Building And Supplies» MChJga «Yunus Rajabiy» mahallasi 72, 66/1, 66/2 va 66/4-uylar oralig‘ida 0,5 gektar yer maydoni ko‘p qavatli turar joy binolarini qurish uchun doimiy foydalanishga ajratib berilgan.

Ushbu qaror shaharsozlik qoidalariga zid bo‘lgani uchun shahar prokurori tomonidan 2018- yil 4-iyulda protest keltirilgan.

Shahar hokimining 2018-yil 17-iyuldagi qaroriga ko‘ra, protest qanoatlantirilgan va qaror bekor qilingan.

Bu holatdan norozi bo‘lgan «Building And Supplies» MChJ hududiy ma’muriy sudga ariza bergan va Bektemir tumani ma’muriy sudining 2018-yil 12-noyabrdagi qarori bilan shahar hokimining 1053-sonli qarori haqiqiy emas deb topilgan.

«Yunus Rajabiy» mahallasida yashovchi aholining shahar hokimining 608-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi Chilonzor tumani ma’muriy sudiga kiritgan arizasi, sud tomonidan 2019-yil 11-dekabrda rad qilingan. Ushbu sud qarori 2020-yil 27-yanvarda Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyasiya instansiyasida ko‘rilgan va o‘zgarishsiz qoldirilgan.

«Building And Supplies» MChJ tomonidan unga ajratilgan yer maydonidagi ko‘p yillik 81 ta daraxtlar qonunga zid ravishda kesilganligi oqibatida o‘simlik dunyosiga 630,4 mln. so‘m moddiy zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan 2020-yil 22-fevralda Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi «a» bandi va 198-moddasi 2-qismi bilan Yakkasaroy tumani hokimligi va «Building And Supplies» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat kodeksining 198-moddasi 4-qismiga ko‘ra, yetkazilgan moddiy zarar uch karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Dastlabki tergovda 2 nafar ayblanuvchilardan 1 mlrd. 891,3 mln. so‘m moddiy zarar undirildi va ularga garov ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

«Yunus Rajabiy» mahallasi hududida noqonuniy kesilgan dov-daraxtlar yer maydoni tezkorlik bilan tozalanib «Lipa», «Beryoza», «Kashtan» va «Pavloniya» daraxtlari ekilishi tashkil qilindi.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring