Toshkentda avtobus va metro uchun yangi yo‘l haqi tariflari tasdiqlandi
Toshkent shahrida 1 oktyabrdan jamoat transportida yo‘l haqi tariflari belgilandi. Bu haqda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 25 sentyabrdagi qarorida ma’lum qilingan.
Qarorga ko‘ra, avtobus va metropolitenda bir martalik qatnov uchun naqd pulda to‘lov qilinganda yo‘l haqi 3000 so‘m bo‘lib, bu tarif o‘zgarishsiz qoladi.
Elektron to‘lov tizimi orqali bir martalik to‘lovda rag‘batlantiruvchi chegirma qo‘llanilib, yo‘l haqi 2500 so‘mni tashkil etadi.
Bagaj tashish xizmati uchun esa 4000 so‘m to‘lanadi.
Shuningdek, qatnovlar soniga qarab transport kartalari tarif rejalari tasdiqlangan. Transport kartasidan foydalanganda bir soat ichida bir yo‘nalishdagi yo‘lovchi transportidan boshqasiga o‘tishlar soniga qarab imtiyozli va bepul tarif rejalari ham amal qiladi.
Qarorda o‘quvchilar, talabalar, nafaqaxo‘rlar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun transport kartalarining tarif rejalarini xarid qilishda 50 foizlik chegirma qo‘llanilishi belgilangan.
Jamoat transportidan bepul foydalanish huquqiga ega shaxslar uchun amaldagi imtiyozlar saqlab qolinadi.
Qaror 2026 yil 1 oktyabrdan kuchga kiradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter