Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Viktimbleyming» – o‘zi aybdormi yoki BIZ?

«Viktimbleyming» – o‘zi aybdormi yoki BIZ?

«Xiyonat qilgani uchun kaltaklangandir», «o‘zi aybdor», «ochiq-sochiq kiyinib yurgandir», «qiz bolaga qorong‘uda nima bor?»,  «qiz bola taksiga chiqmasligi kerak edi...»

Bizning jamiyatda zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarda javobgarlik jabrlanuvchining bo‘ynida qoladi. O‘z-o‘zidan jabrlanuvchining shunday ayblanishi zo‘ravonning aybini oqlagan bilan teng bo‘ladi.  «Viktimbleyming»  nima? Bu atama inglizcha Victim blaming –qurbon va ayblash so‘zlaridan kelib chiqqan. Bu odamlar aybni to‘liq yoki qisman jabrlanuvchining zimmasiga yuklagan va aybdor uchun bahona topilgan hodisa. Ya’ni, jinoyatchining zo‘ravonlik qilishiga nimadir sabab bo‘lgan – jabrlanuvchi o‘zi turtki bo‘lgan yoki xavfsizligini o‘ylamagan yoki o‘zi shunga munosib bo‘lgani uchun.  

Yaxshi yoki yomon

Tadqiqotchilarning fikricha, jabrlanuvchilar adolatli dunyoga ishonganlar tomonidan ayblanadi: inson o‘ziga munosib bo‘lgan narsani oladi. Agar u yaxshi bo‘lsa, unda yomon narsalar bo‘lmaydi. Va agar u hali ham muammoga duch kelsa, unda muammo uning yomonligida.  

Bu atama birinchi marta psixolog Uilyam Rayan tomonidan 1971 yilda o‘zining «Jabrlanuvchilarni ayblash» kitobiga kiritilgan. U qurbonni ayblashni tengsizlik qurbonlarining kamchiliklarini fosh qilish orqali tengsizlikni oqlash, deb ta’riflagan. Shunday qilib, oq tanli amerikaliklar qora tanlilar dangasa va zaif irodali ekanligiga ishonishgan, shuning uchun ular qashshoqlikdan qutulolmaydilar, deb o‘ylashgan. Rayan o‘z tadqiqoti bilan afsonalarni rad etdi va qora tanlilarning oq tanlilar bilan teng daromad olishiga to‘sqinlik qiladigan hukumat jarayonlarini tasvirlab berdi.

1967 yilda tadqiqotchi Menaxem Amir esa «jabrlanuvchi tomonidan qo‘zg‘atilgan zo‘rlash»  tushunchasini kiritdi. Bu yerda u jabrlanuvchining jinsiy aloqaga so‘zsiz roziligini bergan, yetarlicha qarshilik ko‘rsatmagan yoki o‘z ixtiyori bilan xavfli vaziyatga tushib qolgan holatlarni o‘z ichiga olgan, ya’ni u ko‘p ichgan, notanish odam bilan mashinaga o‘tirgan, noz-karashma qilgan, ochiq kiyingan, bemahal yurgan.

Tadqiqot yakunida muallif shunday xulosaga keladi: «Bu, ya’ni jabrlanuvchining xatti-harakati jinoyatchilarni begunoh qilmaydi, balki bu odamlarning ba’zilarini hech bo‘lmaganda kamroq aybdor deb hisoblashimizga imkon beradi. Bu sizni jabrlanuvchining o‘zi bilan sodir bo‘lgan voqea uchun ham javobgar deb o‘ylashga majbur qiladi». Tadqiqotchilarning aytishicha ayblash ko‘pincha, agar jabrlanuvchi xavfli vaziyatlardan qochsa hech qanday baxtsiz hodisa bo‘lmaydi, degan xulosaga olib keladi. Ya’ni, u deyarli hech qachon uydan chiqmaydi, chiqsa ham o‘zining otasi, akasi yonida bo‘ladi. Ammo feministik nazariyotchilar zo‘ravonlik va zo‘rlash ayollarning nafaqat ko‘chada emas, balki uyda ham ko‘proq sodir bo‘lishini ta’kidladilar: «Ayol nima qilsa ham, bu uning xavfsizligini kafolatlamaydi, siz uning zimmasiga mas’uliyatni yuklay olmaysiz».

Isbot va dalil

2020 yilda «Anna» ayollar markazi zo‘ravonlikka uchragan ayollarning faqat uchdan bir qismi politsiyaga murojaat qilganini aniqladi. Ularning 96 foizi esa huquq-tartibot idoralari xodimlari faoliyatidan norozi. «Opa-singillar» markazi yanada achinarli statistikani beradi: markazga murojaat qilgan ayollarning atigi 10 foizi politsiyaga shikoyat qilishgan. Va faqat beshta holatdan bittasida u qabul qilinadi.

Zo‘rlash va oiladagi zo‘ravonlik qurbonlari politsiyaga murojaat qilmaydi, chunki bu uzoq va haqoratli jarayon bo‘lishi mumkin. Advokat Mari Davtyan shunday deydi: «Agar ayol zo‘rlaganni isbotlamoqchi bo‘lsa, u sodir bo‘lgan voqeani besh-yetti marta batafsil aytib berishi kerak bo‘ladi, balki ko‘proq. Jabrlanuvchi o‘zini yomon his qilayotganini, ba’zi hollarda esa aybsizligini isbotlashi kerak. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari har doim ham jinoyatchining nima uchun aybdor ekanligini aniqlashga harakat qilmaydi. Ba’zan ular jabrlanuvchini ayblashadi».

Jabrlanuvchining o‘zini qonunni buzganlikda ayblash xavfi mavjud bo‘lgan holatlarni-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Masalan, yekaterinburglik talaba Alina Garshina zo‘rlanganidan keyin politsiyaga murojaat qilgan. Ular uni fohisha, deb o‘ylab pulini to‘lamagan mijozdan pulini olib berishmoqchi bo‘lishdi. Politsiya soxta ayblovlar qo‘yish bilan tahdid qildi.

G‘unajin ko‘zini suzmasa...

...buqa ipini uzmaydi, degan yana bir ayolni ayblaydigan maqolimiz bor. Aynan shu maqolni dastak qilib zo‘ravonni fosh qilish bizning jamiyatda ham juda kam uchraydigan hodisa. Buni izohlarda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ayblovlaridan ham bilsak bo‘ladi. Misol uchun, haqiqiy qurbon ichmaydigan, chekmaydigan, yigitlar bilan gaplashmaydigan «odobli» qizdir. Qolganlarning hammasi zo‘rlash uchun javobgar, ya’ni o‘zlari aybdor bo‘lishi mumkin. Aytishlaricha, ular tashqi ko‘rinishi va harakatlari bilan jinoyatchilarni g‘azablantiradilar yoki o‘zlariga chorlaydilar.

Masalan, yaqinda Samarqandda yoqib yuborilgan, Qashqadaryoda kaltaklangan ayol haqida turli sarlavhada xabarlar tarqaldi: «Qashqadaryoda xiyonatda gumonlangan ayolni eri va uning qarindoshlari samosud qildi», «O‘zidan o‘n yosh kichik yigit bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan ayol kaltaklandi», «Samarqandda fohishalik uchun chaqirilgan ayol yoqib yuborildi», «Samarqandda yengiltak ayol yoqib yuborildi», «Samarqandda fohisha ayol yoqib yuborildi», «Samarqandda jinsiy aloqa qilish uchun kelgan ayol yoqib borildi». Bu sarlavhalarning barchasida ayolning o‘zi aybdor yoki ayol ichgani, fohisha bo‘lgani uchun yoqib yuborilgan yoki kaltaklangan, degan iddao bor.

Tosh asrida yashamayapmiz!

«Sukut Saqlama» telegram kanali ham bu mavzuga o‘z munosabatini bildirgan: «Qashqadaryolik samosud qilingan ayol haqidagi batafsil videoni feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida ulashgan postimiz ostida salkam 400 ta izohlar yozilgan. O‘qib ko‘rsangiz, katta qismi «Zinokor ayolga bu ham kam!», «O‘ldirib tashlash kerak edi!», «Unashtirilgan yigitni yo‘ldan urishning jazosi shu!», «Megajin, fohisha» va shu mazmundagi izohlar. Hatto, «Bu ayolni bundan battar qilish kerak edi-yu, qonun ko‘tarmaydi-da!» – degan izohlar ham borligini ko‘rib, yoqangizni ushlaysiz.

Hoy, o‘zingizga keling, siz huuuv ibtidoiy jamoa davridagi g‘orlarda to‘da-to‘da bo‘lib yashayotganingiz yo‘q, hayvon terisini yopinib, to‘dalashib ov qilishga chiqayotganingiz yo‘q, bunaqa olomoncha ko‘rinishingiz bilan o‘sha davrda ov qilib tutgan hayvonining jasadi oldida olov yoqib, raqsga tushayotgan qadimgi dunyo odamlarini eslatayotganingizni tashqaridan bir tomosha qilsangiz edi!

Avvalo, o‘sha jabrlanuvchi bilan yigit o‘rtasidagi munosabat chegaralari qayerda ekanini bilmaysizmi, zinokor deb qichqirishingiz balki tuhmat bo‘lib qolayotgandir, shuni hech o‘ylab ko‘rmadingizmi? Zotan, hozirgi kunda biriga ota-onaning xizmatini qildirish uchun qonuniy-rasmiy, ya’ni, nomiga uylanib qo‘yib, panada ko‘ngliga yoqqani bilan shar’iy oila qilib yashayotgandan ko‘pi yo‘q!

Ikkinchidan, ayol zinokor bo‘lsa, o‘sha zinoni bir o‘zi o‘zi bilan qilgani yo‘q, holbuki, erkak kuchli jins vakili sanalib, asosan birlashish – oila va boshqa munosabatlarda ilk qadamni tashlash ham, so‘nggi so‘z-qarorlarni aytish huquqi ham patriarxal tizim asoschilari tomonidan qo‘shqo‘llab egallab olingan bo‘lsa! Zino bo‘ldimi, demak, bunda ayoldan ko‘proq erkakning aybi bor, barcha yukni, barcha haqorat-u jazoni ayolning zimmasiga yuklab qo‘yish – ayolning har qanday vaziyatda erkakdan kuchliligini, afzalligini, liderligini o‘z-o‘zidan tan olish bo‘lib qoladi.

Uchinchidan, davlatning qonunlari hali o‘lgani yo‘q, davlatning o‘ziki, jabrlanuvchi ayolga nisbatan emas, unga qo‘l ko‘targanlarga nisbatan jinoyat ishi e’lon qilibdi; siz zinokor atagan ayolni emas, bir ojizaga to‘da bo‘lib tashlangan to‘dani aybdor deb topibdi, siz kimsizki davlatning qonunlariga qarshi chiqasiz? Qaysi vallomatingiz sizga birovga tuhmat qilish, haqoratlash, o‘limga hukm qilish, zo‘ravonlikni, zulmni oqlash huquqini sovg‘a qilib qo‘ydi?. 

«Sen aybdor emassan»

Oiladagi zo‘ravonlik dunyo miqyosidagi eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib, bu mavzuda juda ko‘plab kitoblar yozilgan. Xususan, rossiyalik jurnalist Diana Sadreyeva o‘zining chamasi bir yillar avval chop etilgan «Sen aybdor emassan» nomli kitobida oiladagi zo‘ravonlik muammolarini batafsil tahlil qiladi.

Muallif ushbu asarini zo‘ravonlik jabrdiydalariga yordam sifatida oiladagi zo‘ravonlik, uning xavf-xatari nimalardan iborat ekani hamda halokatli munosabatlarni, hatto bu imkonsiz bo‘lib ko‘ringanida ham qanday qilib to‘xtatish uchun o‘zida kuch topish mumkinligi haqida yozgan.

Diana Sadreyeva mazkur asarini yozishdan avval oiladagi zo‘ravonlik jabrdiydalari, huquq himoyachilari, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish faollari va turli yordam ko‘rsatuvchi fondlar vakillari bilan uzoq vaqt davomida yaqindan muloqotda bo‘lgan, katta ko‘lamdagi huquqiy hujjatlarni atroflicha o‘rganib chiqqan.

«Sen aybdor emassan» kitobining o‘zagini muallifning oiladagi zo‘ravonlik jabrlanuvchisi bo‘lgan 50 nafar ayolning intervyulari tashkil etadi. Asarda nafaqat jabrlanuvchilarning og‘ir qismatlari tarixi, balki shu bilan birgalikda, abyuz holatlaridan azob chekkan shaxslarga muammoni hal qilish uchun to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘rish, mavjud vaziyatdan chiqish yo‘llari, bu borada qanday qadamlar qo‘yish kerakligi haqida ham tavsiyalar berilgan. Bunday ayblovlar nafaqat ma’lum sonli kishilarga, balki dunyoda turli ixtiloflarni keltirib chiqargan, qanchadan qancha urushlarga, begunoh odamlarning qirilib ketishiga sabab bo‘lgan. Masalan, ikkinchi jahon urushida tashviqot shu qadar keng olib borilganki natijada xolokost aholisi shunchaki kelib chiqishi sababli aybdor, deb hisoblangan va ayovsiz yo‘q qilingan.

                                            Internet materiallari asosida tayyorlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring