Xivada Lyaonin pedagogika universiteti filiali ochildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida tashkil etilgan Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filiali va Konfutsiy instituti faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda oliy ta’limni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, xorijiy nufuzli universitetlar bilan hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy yo‘nalishlarda malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti va Xitoyning Lyaonin pedagogika universiteti hamkorligida amalga oshirilgan loyiha doirasida yangi ta’lim majmuasi barpo etildi. Uni qurish va jihozlash uchun davlat budjetidan 140 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu yerda 120 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Majmuada 560 o‘rinli o‘quv bloklari, kutubxona, sport zali, 200 o‘rinli madaniyat saroyi va 118 o‘rinli oshxona mavjud. Ikkinchi to‘rt qavatli binoda 628 o‘rinli auditoriyalar hamda 224 o‘rinli talabalar turar joyi tashkil etilgan.
2026-yil uchun qabul kvotasi 160 nafar etib belgilangan. Kelgusida yillik qabulni 500 nafarga, talabalar sonini esa 2 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Ta’lim kunduzgi va masofaviy shakllarda, o‘zbek, xitoy va ingliz tillarida olib boriladi. Bakalavriat bosqichida “Xalqaro xitoy tili ta’limi”, “Turizm boshqaruvi”, “Xalqaro biznes”, “Sun’iy intellekt”, magistraturada esa “Xitoy tili va madaniyatini o‘qitish metodikasi”, “Ta’lim boshqaruvi”, “Sun’iy intellekt va ta’lim texnologiyalari” yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi.
Filial diplomi O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi. Iqtidorli bitiruvchilarga Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida grant asosida o‘qishni davom ettirish va nufuzli tashkilotlarda stajirovka o‘tash imkoniyati yaratiladi.
Bugungi kunda Xorazm viloyatida xitoylik investorlar ishtirokida umumiy qiymati 2 milliard 343 million dollarlik 38 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Ularda zamonaviy texnologiyalar va xitoy tilini yaxshi biladigan yuqori malakali mutaxassislarga talab yuqori. Yangi ta’lim muassasasi va Konfutsiy instituti ana shu ehtiyojga mos kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz ta’lim dasturlarini iqtisodiyot va mehnat bozori ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, talabalarning zamonaviy texnologiyalar va xorijiy tillarni puxta egallashi uchun barcha sharoitlarni yaratish muhimligini ta’kidladi.
Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbariga yagona milliy turizm platformasi hamda turizm sohasida tadbirkorlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyat va yengilliklar taqdimot qilindi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter