Xorvatiyaga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi

DXX Xorvatiyaga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlangani haqida xabar berdi.
Buxoro shahrida yashovchi, muqaddam firibgarlik jinoyatini sodir qilgan shaxs (1997-y.t.) o‘zini sayyohlik firmasi vakili deb tanishtirib, Toshkent shahri, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida istiqomat qiluvchi 3 nafar fuqaroning ishonchiga kiradi.
So‘ngra Xorvatiyada tanishlari borligini aytib, ularni ishchi viza asosida shu mamlakatga ishga yuborishga va’da berib, evaziga 6 000 AQSh dollari so‘raydi.
DXX Toshkent shahri boshqarmasi hamda IJQKD xodimlari hamkorligida Yakkasaroy tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan mablag‘dan 3 000 AQSh dollarini oldindan olgan vaqtida ushlangan.
Shu kabi firibgarlik Namangan viloyatida ham qayd etilgan: Namangan shahrida yashovchi shaxs (1999-y.t.) aldov yo‘li bilan 3 nafar hamshahrining ishonchiga kiradi.
U Xorvatiyada ishlovchi akasining ko‘magida ularni ushbu mamlakatga ishlash uchun yuborishga va’a berib, evaziga har biridan 2 600 dollardan, jami 7 800 AQSh dollari so‘raydi.
Yangi Namangan tumanida ushbu pul mablag‘idan 3 900 AQSh dollarini olgan vaqtida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi dyepartament xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Ikkala qonunbuzarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter