Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zarafshon shahar hokimi o‘rinbosari ma’muriy javobgarlikka tortildi

Zarafshon shahar hokimi o‘rinbosari ma’muriy javobgarlikka tortildi

Inson ishidan ayrilsa, ro‘zg‘origa olib boradigan daromadi kamayadi yoki butunlay to‘xtab qoladi. Oylik maoshiga kun kechiradiganlar bunday paytda ruhiy tushkunlikka tushib qolishlari mumkin. Xodimning ishdan ketgandan so‘ng ham huquqlari poymol etilsachi? Unda tegishli joylarga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi.

Zarafshon shahrida 18 yil davomida ishlab kelgan Nasiba Halilova ana shunday  vaziyatga duch keldi.  

 -Lavozimim qisqartirilgani bois, ishdan ketishga to‘g‘ri keldi. Ayni paytda uydaman, 5 nafar farzandim bor, qo‘shimcha daromadim yo‘q. Ishdan ketganimdan keyin, tashkilotdan qonuniy tarzda beriladigan pullarga bir-ikki oy ro‘zg‘orimni tebratib turaman deb o‘ylagandim. Lekin, vaziyat bunday bo‘lmadi. Ishdan bo‘shash haqida arizamni yozganimdan so‘ng ham ishxonam hech qanday qo‘shimcha pul to‘lab bermadi. Hatto mehnat daftarchamni ham 2 haftadan keyin oldim,-deydi N.Halilova

Ana shunday holat yana bir fuqaro Salima Hamroyeva bilan ham yuz berdi. Fuqarolarning Zarafshon shahar adliya bo‘limiga murojaatidan so‘ng vaziyatga oydinlik kiritildi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur fuqarolar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2020 yilning 20 aprelida 12-sonli buyruq asosida bekor qilingan. Ammo Mehnat kodeksiga asosan, xodimga shu kunning o‘zida berilish kerak bo‘lgan buyruq nusxasi va mehnat daftarchasi ularga oradan 2 hafta o‘tgandan so‘ng ya’ni joriy yilning 6 may kuni taqdim etilgan. Natijada xodimlarning moddiy yordam bo‘yicha qo‘shimcha kafolat olish huquqlari buzilgan hamda ularga ish beruvchi tomonidan ishdan bo‘shatish nafaqasi ham to‘lab berilmagan.

Fuqarolar shu davrga qadar ham ana shu masala yuzasidan  bir qator tashkilotlarga murojaat qilingan. Achinarlisi, ovoragarchiliklarga qaramasdan ayollarning murojaatlari qanoatlantirilmagan. Ammo, adliya bo‘limi aralashuvidan so‘ng, xodimlarga jami 11 298  679 so‘m pul mablag‘lari undirib berildi.

Mazkur masala yechimida sustkashlikka yo‘l qo‘yib, mehnat qonunchiligini buzganligi uchun Zarafshon shahar hokimi o‘rinbosari, hamda shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘iga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring