Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirusda va shamollashda hid bilishning yo‘qolishi: farqi nimadaligini aniqlash qiyinmas

Koronavirusda va shamollashda hid bilishning yo‘qolishi: farqi nimadaligini aniqlash qiyinmas

Foto: «Pixabay»

Koronavirusga chalinganda hid bilish qobiliyatining yo‘qolishi mutlaqo boshqacha — u gripp yoki shamollashnikidan farq qiladi. Kovid bemorlarini o‘rgangan yevropalik tadqiqotchilar shunday xulosaga kelishdi.

COVID-19da hid bilish qobiliyati bir zumda yo‘qoladi. Burun bitishi yoki tumov kuzatilmaydi. Aksariyat bemorlar erkin nafas olishda davom etishadi.

Yana bir farqi — «haqiqiy» ta’mning yo‘qolishidir. Koronavirusga chalinganlar achchiqni shirindan farqlay olishmaydi. Ekspertlarning fikricha, buning sababi virus bevosita ta’m va hidga mas’ul nerv hujayralarini falajlab qo‘yishidadir.

Koronavirusning simptomlari yuqori harorat, betinim yo‘tal, hid yoki ta’m bilishning yo‘qolishidir. Bu simptomlarni o‘zida payqagan inson o‘zini ihotalab, test topshirishi kerak. Oila a’zolari ham darhol himoya choralarini ko‘rishlari talab etiladi.

Sharqiy Angliya universiteti yetakchi tadqiqotchisi, professor Karl Filpott 30 nafar ko‘ngillida tajriba o‘tkazib ko‘rdi. Bularning 10 nafari — COVID-19ga chalinganlar, 10 nafari — kuchli shamollaganlar, 10 nafari — gripp yoki shamollash simptomlari yo‘q soppa-sog‘ odamlar.

Uning aniqlashicha, hid bilish yo‘qolishi koronavirusga chalinganlarda «chuqurroq» namoyon bo‘lgan.

«Koronavirusni boshqa respirator kasalliklardan ajratib turuvchi o‘ziga xos xususiyatlar haqiqatan ham bor. Bu kabi testlar koronavirusga chalinganlarni oddiy shamollash yoki grippga chalinganlardan ajratib olishda qo‘l kelishi mumkin», — dedi Filpott.

Professorning ta’kidlashicha, bu testlarni mustaqil o‘tkazsa ham bo‘ladi: buning uchun qahva, sarimsoqpiyoz, apelsin yoki shakarni tatib yoki hidlab ko‘rish kifoya. Shunga qaramasdan, baribir burun va tomoqdagi suyuqlikdan namuna olishga to‘g‘ri keladi. Sog‘ayayotgan aksariyat insonlarda bir necha hafta davomida ta’m va hid bilish qobiliyati tiklana boshlaydi.

Jons Hopkins universiteti (AQSh) eksperti Endryu Leyn va uning jamoasi koronavirus nega hid bilishga ta’sir o‘tkazishini o‘rganish uchun burunning ort qismi hujayralaridan namunalar olib o‘rganishganida o‘ta yuqori darajali fermentga duch kelishdi. U faqat burunning hid bilishga javobgar sohasida uchragani tadqiqotchilarni o‘ylantirib qo‘ydi. Chunki bu ferment koronavirusning organizm hujayralariga kirib, infeksiya qo‘zg‘ashiga imkon beruvchi «kirish nuqtasi» sanaladi.

«Chindan ham virus organizmga kirish va uni zaharlashda shu hujayralardan foydalanyaptimi —laboratoriya tekshiruvlarida aniqlashga urinyapmiz. Agar shunday bo‘lib chiqsa, biz bevosita burun orqali virusga qarshi terapiyani qo‘llab, infeksiyaga qarshi kurashishimiz mumkin bo‘ladi», — dedi Leyn.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring