Davlat madhiyasi bastakoriga atalgan muzey ish boshladi

Buxoro shahrining Bahouddin Naqshband ko‘chasi 182/1-uyda milliy musiqa san’atimizning buyuk namoyandalaridan biri Mutal Burhonovning uy-muzeyi ochildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Uy-muzey O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-dekabrda qabul qilingan «2017-2027 yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori asosida Buxoro davlat badiiy me’morchilik muzey-qo‘riqxonasining filiali maqomida tashkil etildi.
Muassasa ochilishiga bag‘ishlangan marosimda mahalliy davlat hokimiyati mutasaddilari, madaniyat va san’at namoyandalari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Muzeyda O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi musiqasining yaratilish jarayoni aks etgan lavhalar o‘rin olgan. Uy-muzeyining dastlabki mehmonlari bolalar musiqa va san’at maktablarining tarbiyalanuvchilari, yosh san’atkorlar bo‘ldi.
Kompozitor Mutal Burhonov umrining so‘nggi davrlarida, 1997-2002-yillarda o‘zi tug‘ilib o‘sgan shahardagi ushbu uyda yashagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter