Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Eshqobil Shukur Usmon Azimning kitobiga «e’tiroz» bildirdi

Eshqobil Shukur Usmon Azimning kitobiga «e’tiroz» bildirdi

Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning ko‘p jildli «Tanlangan asarlar»i taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Ochig‘i, uyushmada kitob taqdimotlari ko‘p o‘tkaziladi, ammo bu tadbir boshqacha bo‘ldi. Katta majlislar zalida o‘tirishga joy qolmay, ayrimlarning tik turishiga to‘g‘ri keldi. Unda keksa va yosh shoirlar, o‘qituvchi va murabbiylar, talabalar, olimlar, rassomlar, umuman, ko‘p sonli ijodkorlar jam bo‘lishdi.

Tadbirni uyushma raisi Sirojiddin Sayyid olib bordi. U shoirning o‘zbek adabiyoti, xususan, she’riyatiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida gapirib o‘tdi. Shuningdek, adabiyotshunos olimlar Qozoqboy Yo‘ldoshev, Karomat Mullaxo‘jayeva, Nurboy Jabbor, shoir Mirzo Kenjabek va boshqalar so‘zga chiqishdi.

O‘zbek milliy akademik drama teatri aktrisasi Dilnoza Kubayeva ulkan guldastani Usmon Azimga taqdim etib, uning she’rlaridan o‘qib bergan bo‘lsa, xalq artisti Mahmud Namozov dilbar va sho‘x qo‘shiqlari bilan barchani xushnud etdi.

Ma’lumot uchun: Usmon Azimning ushbu «Tanlangan asarlar»i G‘afur G‘ulom nashriyoti tomonidan chop etilgan. U jami 12 jild bo‘lib, hozircha 7 tasi nashr qilingan.

Kitob sifatli, ammo so‘zga chiqqan shoir Eshqobil Shukurning «Tanlangan asarlar» kitoblariga quyidagicha o‘z fikrini bildirdi.

– Bu kitobga e’tirozim bor, – dedi u. – Xo‘sh, nima uchun «Tanlangan asarlar» deb qo‘yilgan? Nahotki Usmon akaning tanlanmaydigan asarlari ham bo‘lsa?..

– Mana shu gap juda to‘g‘ri aytildi, – dedi Usmon Azim kulib.

Qarsaklar chalindi.

A.Fathullayev

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring