Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Jadidlar orzusi» spektakli premerasi bo‘lib o‘tadi

«Jadidlar orzusi» spektakli premerasi bo‘lib o‘tadi

Yaqin tariximizning eng e’tiborli hodisalaridan biri, shubhasiz, jadidchilikdir. Ma’lumki, o‘z faoliyatini nafaqat siyosiy, balki ta’lim va tarbiyani yuksaltirish, turkiston o‘lkasini ma’naviy hamda ma’rifiy isloh qilish, barkamol avlodni tarbiyalash masalasini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan jadidlar harakati o‘lkamiz xalqlari tarixida muhim rol o‘ynagan.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi  hamkorligida XX asr boshlarida xalqimizni ozodlik va ilm-ma’rifatga chorlab, tom ma’noda millatni uyg‘otish umidida yashagan jadid bobolarimiz hayotiga bag‘ishlangan «Jadidlar orzusi» spektakli sahnalashtirildi. Joriy yilning 17 may kuni O‘zbekiston Kasaba  uyushmalarida federatsiyasi saroyida ushbu sahna asarining premerasi bo‘lib o‘tadi.

«Jadidlar orzusi» spektakli  Turkistonda bir necha maktablar ochilishiga sababchi bo‘lgan, birinchi o‘zbek dramaturgi Mahmudxo‘ja Behbudiy, o‘zining «Jamiyati xayriya» fondi tufayli yetim bolalarni chet ellarda o‘qishiga beminnat hissa qo‘shgan Abdulla Avloniy va milliy uyg‘onish harakatining yana bir  namoyandasi Abdulhamid Cho‘lpon hayotiga bag‘ishlanadi.

Unda o‘z davrida bobolarimiz har qanday qiyinchiliklarga qaramasdan vatan ravnaqi, yurt osoyishtaligi va eng muhimi  xalqimiz erk tushunchasini his qilishi uchun tolibi ilmlar safi kengayishida ko‘rsatgan behisob xizmatlari tilga olinadi.

Jadidlarni eslarkanmiz bu Samarqandda Behbudiydan tashqari Abduqodir Shakuriy,  Saidahmad Hasanxo‘ja o‘g‘li Siddiqiy, Toshkentda Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev, Abdulla Qodiriy, Buxoroda Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Fayzulla Xo‘jayev, Farg‘ona vodiysida Hamza Hakimzoda Niyoziy, Obidjon Mahmudov, Abdulhamid Cho‘lpon, Is’hoqxon Ibrat, Xivada Bobooxun Salimov, Polvonniyoz hoji Yusupov  nomlarini tilga olmasdan ilojimiz yo‘q. Turkistonda jadidchilikni XIX asr oxiri XX asrning boshlarida ziyolilarning xalq orasida ozodlik, demokratiya, madaniy – ma’rifiy g‘oyalarini keng targ‘ibot qilish va amalga oshirishga qaratilgan milliy taraqqiyparvarlik harakati deb olsak, yuqorida nomi zikr qilingan insonlar shu harakat yo‘lboshilaridir. 

Ma’lumki, Jadidlarimiz siyosiy ishlar – haq-huquq, milliy davlat, hokimiyat masalalari bilan muntazam shug‘ullandilar. Ayni paytda maktab–maorif isloh qilina boshlandi. Milliy matbuot yo‘lga qo‘yildi. Teatr paydo bo‘ldi. Yangi adabiyot shakllandi, bir so‘z bilan aytganda, yangi tafakkur maydonga keldi. Bu – millatning o‘zligini anglash va mustaqillik mafkurasi edi. Bu hol, shubhasiz, millatning keyingi 3-4 asrlik tarixiy taraqqiyotida misli ko‘rilmagan hol edi. 

Spektakl namoyishidan ko‘zlangan maqsad ham har bir vatandoshimiz qalbida jadid bobolarimizdagi shiddatni uyg‘otish, ularni millat birligi va taraqqiyoti yo‘lida yagona maqsad sari og‘ishmasdan yakdillikda harakat qilishga undashdir. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda esa, «Ma’rifatparvar ajdodlarimizning merosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati uchun poydevor bo‘lib xizmat qilishi tabiiy. Bu kimgadir yoqadimi yoki yo‘qmi, xalqimiz jadid bobolarimiz ko‘rsatib bergan yo‘ldan og‘ishmay borishi kerak. Chunki ularning g‘oya va dasturlari Yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uyg‘un va hamohangdir».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring