Jaloliddin Manguberdi serialida suratga tushadigan yigit-qizlar Turkiyada ot minish, qilich chopish va jang san’atini o‘rganmoqda
Madaniyat vazirligida Sulton Jaloliddin Manguberdi haqida ishlanayotgan serial borasida tarixchi va olimlari bilan OAV xodimlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida serialni suratga olish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Xabar.uz muxbiri xabar berib o‘tdi.
Muloqot davomida «Sulton Jaloliddin Manguberdi» seriali bosh maslahatchisi Boboxon Muhammad Sharif serialning suratga olish jarayoni haqida savollarga javob berib o‘tdi.
«Bizning mamlakatimiz 130 yil davomida mustabid tuzum hukmi ostida bo‘ldi. Bu bilan bizning milliy g‘ururimiz toptaldi. Biz mana shu g‘ururni ko‘taradigan filmlar ishlamoqchimiz.
Hozir ham turkiy xalqlarning birligiga putur yetkazishni istaydiganlar yetarlicha topiladi. Agar biz bir bo‘lsak, har qanday kuchga qarshi tura olamiz. Buning uchun esa Jaloliddin Manguberdi kabi qahramonlar juda kerak. Biz ularning hayotini targ‘ib etishimiz kerak.
Bu hujjatli emas, badiiy film bo‘ladi. Ammo tarixiy haqiqat buzilmaydi.
O‘tgan yilning yozida xalqaro konferensiya o‘tkazdik. Unda Eron, Ozarbayjon, Turkiya va boshqa mamlakatlardan Jaloliddin Manguberdining hayotini o‘rgangan olimlar keldi. Ko‘plashib maslahatlashib, film suratga olishga kelishib oldik.
Serialning birinchi fasli 13 seriyadan iborat. Ikkinchi faslda yana 13 seriya suratga olinadi. Kelajakda umumiy jihatdan 52 qismdan iborat serial olish rejalashtirilgan.
O‘zbekistondan 20 ga yaqin yigit-qizlar Turkiyada aktyorlik borasida dars olishmoqda. Ularga ot minish, qiliqbozlik va jang san’atlari o‘rgatilmoqda. Ta’kidlash lozim, ba’zi qizlarimiz qilich urishda yigitlardan qolishmayapti», — deydi Boboxon Muhammad Sharif.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter