«Kulliyoti Navoiy» nusxasi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etildi
24-sentyabr kuni Toshkentda o‘tayotgan «O‘zbekiston–Turkiya madaniyat va san’at uchrashuvlari — Turk kino kunlari» tadbirlari doirasida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Vazirlar markaz ekspozitsiyasi bilan tanishib, islom olami tarixi va madaniyatiga oid noyob eksponatlarni tomosha qildi. Ularga markazda saqlanayotgan tarixiy-madaniy meros namunalari, shuningdek, ularning ilmiy va ma’rifiy ahamiyati haqida ma’lumot berildi.
Tashrif davomida Mehmet Nuri Ersoy tomonidan Islom sivilizatsiyasi markaziga «Kulliyoti Navoiy» asarining faksimile nusxasi taqdim etildi.
«Kulliyoti Navoiy» Alisher Navoiyning turli janrdagi asarlari jamlangan nodir qo‘lyozma to‘plamidir. Kulliyot tarkibida Alisher Navoiyning 26 ta asari jamlangan.
Asarning asl nusxasi Istanbul shahridagi Topqopi saroyi kutubxonasida saqlanadi. Taqdim etilgan faksimile nusxa markaz fondida saqlanadigan madaniy meros namunalari qatoriga qo‘shildi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ikki mamlakat madaniy muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shu kuni madaniy tadbirlar doirasida Toshkent shahridagi «O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida o‘zbek va turk san’at ustalarining qo‘shma konserti ham bo‘lib o‘tdi.

Konsert dasturi avvalida Ozodbek Nazarbekov, so‘ng Mehmet Nuri Ersoy nutq so‘zladi. Tantanali dasturda ikki xalqning milliy musiqa, qo‘shiq va raqs san’ati namunalari, shuningdek, zamonaviy ijod namunalari taqdim etildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter