O‘zbekiston xalq artisti Qunduz Mirkarimova vafot etdi
O‘zbekiston xalq artisti, mahoratli raqqosa, baletmeyster Qunduz Mirkarimova 94 yoshida vafot etdi. Bu haqda «O‘zbekkonsert» xabar berdi.
Qunduz Mirkarimova 1925-yil Toshkentda tug‘ilgan. Raqqosa, baletmeyster va pedagog. Tamaraxonim nomidagi balet maktabida ta’lim olgan (1937-1941), Katta teatr (Moskva) qoshidagi xoreografiya bilim yurtini tugatgan (1951).
Yangiyo‘l musiqali drama va komediya teatrida (1943-1946), Muqumiy teatrida (1946-1949), Navoiy teatrida (1951-1953), O‘zbekiston davlat filarmoniyasida (1953-1956) yakkaxon raqqosa, «Bahor» ansamblida yakkaxon raqqosa va pedagog-repetitor (1957-1967), badiiy rahbar (1979-1988), Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabida pedagog (1964-1979 va 1988-yildan; 1996-yildan professor) sifatida faoliyat yuritdi.
Uning ijrosidagi raqslar samimiy, nafis va jozibadorligi, harakatlari sho‘x va jo‘shqinligi bilan ajralib turadi. Qunduz Mirkarimova «G‘ayratli qiz», «Katta o‘yin», «Xorazmcha raqs», «Uyg‘urcha raqs», «Rohat», «Jonon», «Nay navosi», «Bahor tongi», «Tanovor», «Zang o‘yin», «Pomircha raqs», «Dildor», «Gulruh», «Gulnoz» kabi mumtoz, xalq, zamonaviy va boshqa xalqlar raqslarini mahorat bilan ijro etgan. Shuningdek, u maqom kuylariga tushgan raqslari bilan ham mashhur edi. Qunduz Mirkarimova raqs sirlarini Mukarrama Turg‘unboyeva, Roziya Karimova, Gavhar Rahimova kabi buyuk raqqosalardan o‘rgangan.
San’atimiz darg‘asi uzoq va baxtli, tarixiy va ijodiy hodisalarga boy hayot kechirdi. Umri davomida u xoreografiyaning beqiyos primasi, baletmeyster, afsonaviy o‘zbek raqslarining ijrochisi va sahnalashtiruvchisi sifatida dunyoga tanildi. Xitoy, Fransiya, Avstriya, Polsha, Angliya, Shotlandiya, Braziliya kabi dunyoning o‘ttizdan ortiq mamlakatlarida bo‘lib, o‘zbek raqslarini namoyish etdi.
Betakror san’atkor hayoti davomida mahoratli pedagog sifatida raqs san’atida ko‘plab shogirdlar yetishtirdi. Uning shogirdlari orasida bugun davlatimizning yuksak unvonlariga sazovor bo‘lganlar ko‘plab topiladi.
Qunduz Mirkarimova O‘zbekiston xalq artisti, Sobiq ittifoq xalq artisti, Mukarram Turg‘unbova nomidagi mukofotlar sovrindori sanaladi. 1997-yilda esa «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.
«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali marhumaning oila a’zolariga va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter