Qardoshlikni mustahkamlagan tashrif (video)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning taklifiga binoan 29 yanvar kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an raisligida Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari har tomonlama muhokama qilinib, xususan, madaniyat va turizm sohasidagi mavjud hamkorlik holati baholandi hamda turizm yo‘nalishida aloqalarni rivojlantirish, teatr festivallari va madaniyat haftaliklarini o‘tkazish, tarixiy filmlarni birgalikda ishlab chiqarish, madaniy meros ob’yektlarini hamkorlikda tiklashga alohida e’tibor qaratildi.
Delegatsiyalararo uchrashuvlar chog‘ida Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy, madaniy hamda ijtimoiy aloqalarni yanada mustahkamlash borasidagi mushtarak yondashuv yana bir bor tasdiqlandi. Shu doirada ikki davlat munosabatlarida madaniy diplomatiyaning muhim o‘rni alohida ta’kidlanib, san’at, madaniy meros, an’anaviy hunarmandchilik, musiqa, kino va adabiyot kabi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni rivojlantirishning ahamiyati qayd etildi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy o‘rtasida 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan Madaniy hamkorlik dasturi imzolandi. Ushbu dastur o‘zaro madaniy tadbirlar sonini oshirish, san’atkorlar va mutaxassislar almashinuvi dasturlarini amalga oshirish, umumiy madaniy merosni asrash va targ‘ib qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish hamda xalqaro maydonlarda qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Madaniy hamkorlik dasturi Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy munosabatlar uchun mustahkam institutsional asos yaratib, xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada chuqurlashtirish va uzoq muddatli hamkorlikni barqaror rivojlantirishga xizmat qiladi.
Turkiya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘zaro hurmat va mushtarak qadriyatlarga tayangan munosabatlarini kelgusida ham ko‘p qirrali va izchil yondashuv asosida rivojlantirishda davom etadilar.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter