Qirg‘izistonda o‘zbek kinosi haftaligi: “Bahodir Yalangto‘sh” filmi vatandoshlarni birlashtirdi
Qirg‘izistonning O‘sh va Manas shaharlarida “O‘zbek kino kunlari” madaniy-ma’rifiy tadbirlari ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.
"O‘zbekiston madaniyat kunlari" doirasida tashkil etilgan ushbu tadbir nafaqat san’at bayrami, balki xorijdagi vatandoshlar va talaba yoshlar uchun o‘ziga xos ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘tadi. Kino kunlari O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, “Vatandoshlar” jamoat fondi hamda Kinematografiya agentligi hamkorligida amalga oshirildi.
Tadbir doirasida delegatsiya a’zolari O‘sh davlat universiteti hamda Jalolobod davlat tibbiyot universitetida bo‘lib, u yerda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashdilar. Ochiq muloqot tarzida o‘tgan suhbatlarda bugungi o‘zbek kinosidagi o‘zgarishlar, milliy qahramonlik timsollari va san’at orqali vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish mavzulari muhokama markazida bo‘ldi.
Dasturning eng hayajonli qismi — “Tirik tarix” turkumiga mansub “Bahodir Yalangto‘sh” badiiy filmining namoyishi bo‘ldi. O‘sh va Manas shaharlaridagi kinoteatrlarga yig‘ilgan yuzlab vatandoshlarimiz tarixiy shaxslarimiz jasorati aks etgan ushbu asarni katta qiziqish bilan tomosha qildilar.
Film namoyishidan so‘ng aktyorlar bilan bevosita muloqot qilish, mahorat darslarida ishtirok etish imkoniyati yoshlar uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ldi.
“Ona yurtda uzoqda ekanligimiz bois, o‘zbek filmlarini sog‘ingan edik. Bugungi tadbir nafaqat kino ko‘rish, balki ona Vatanimiz nafasini his qilish uchun imkoniyat bo‘ldi. Milliy madaniyatimizni mana shunday formatda o‘rganish bizga katta g‘urur bag‘ishlaydi”, — deydi talaba Go‘zal Xamroyeva.
San’at bayramida jami 350 nafardan ortiq o‘zbekistonlik va etnik o‘zbek yoshlari ishtirok etdi. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, bu kabi loyihalar milliy o‘zlikni anglash va ikki qardosh xalq o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Davron Ergashev


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter