Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Karimberdi To‘ramurod

Qo‘rqsang – yozma! Yozdingmi – qo‘rqma!

Qoldi Ma’murjondin yaxshilig‘...

Qoldi Ma’murjondin yaxshilig‘...

Ma’murjon To‘xtasinov xalqni asl qo‘shiqlarni tinglashga o‘rgatdi...

Foto: «Xabar.uz»

 Hofiz bir qo‘shig‘ida aytadi: «Yaxshig‘a qilsang yaxshilig‘ ham aytadir, ham qaytadir».

Bugun «Yaxshilig‘»i bilan yaxshilikni millionlab muxlislari qalbiga payvand qilib ketgan hofiz – O‘zbekiston xalq artisti Ma’murjon To‘xtasinovning yaxshiliklarini aytishni istadik.

Ma’murjon To‘xtasinov

Tug‘ilgan sanasi: 1958-yil 18-noyabr;

Tug‘ilgan joyi: Oltiariq tumani;

Ota-onasi: Salimjon aka (o‘qituvchi), Nasibaxon aya (uy bekasi);

O‘qigan joyi: musiqa maktabi, Qo‘qon avtoyo‘l texnikumi, Madaniyat instituti;

Ustozlari: Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov, Tavakkal Qodirov, Qobiljon Yusupovlar;

Ishlagan joyi: Oltiariq tuman madaniyat uyida badiiy rahbar;

«Oltin fond»dagi qo‘shiqlari: 50 dan ortiq;

Oila a’zolari: ayoli Qimmatxon, farzandlari: Adolatxon (bog‘cha mudirasi), Umidjon (musiqa maktabi o‘qituvchisi), Uyg‘unjon (Marg‘ilon ped.kollej o‘qituvchisi), O‘tkirbek (Konservatoriya talabasi), Nasibaxon (marg‘ilon ped.kollej talabasi);

Gastrol safarlari: Tojikiston, Qozog‘iston, Hindiston, Belgiya, Bolgariya, Germaniya…

Qo‘shiqlari ijro etilgan videofilmlar: «Bobur», «Kecha va kunduz», «Layli va Majnun», «Shahzoda va kanizak»;

Mashhur qo‘shiqlari: «Yaxshilig‘», «Buni umr derlar», «Nima qoldi», «Muhabbat saroyi», …

Mukofotlari: O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist (1993), O‘zbekiston xalq artisti (2000), Xalqaro Bobur mukofoti (1998);

Vafoti: 26-iyun, 2012-yil (jigar sirrozi tufayli).

Nega Ma’murjon?

Salim aka Toshkentga borganida mashhur hofizlar Ma’murjon Uzoqov va Jo‘raxon Sultonovlar bilan bir choyxonada ko‘rishib qolib, ularga iltifot ko‘rsatadi va Ma’murjon hofizdan «Farzand kutayapmiz, o‘g‘il bo‘lsa, ismingizni qo‘ysam maylimi?» deb so‘raydi. Hofiz ruxsat berib, Salim akaga Allohdan solih o‘g‘il so‘rab, duo qiladi.

Oradan uch yil o‘tib, Ma’murjon Uzoqov Oltiariqqa to‘yga kelganida Salim aka hofizning oldiga o‘g‘ilchasini yetaklab boradi. «Bu bolaning ismi Ma’murjonmi?» deb so‘raydi Salim akani tanigan hofiz. «Ha, sizdek hofiz bo‘lsin deb niyat qilib, ismini Ma’murjon qo‘ydik», deydi Salim aka. Ma’murjon Uzoqov o‘shanda go‘dak Ma’murjonni duo qilib, «O‘g‘lingiz albatta bizdek hofiz bo‘ladi», deb bashorat qilgan ekan.

Ustozning muborak nafasi tekkani tufaylimi, Ma’murjon el ardog‘idagi yetuk hofiz bo‘lib yetishdi, qisqa umri davomida o‘zidan yaxshi nom qoldirdi. Har bir insonning umri kechirgan hayoti davomida qoldirgan izlari bilan o‘lchanarkan. Darvoqe, ustoz Ma’murjon Uzoqov ham 59 yosh umr ko‘rgan edi, xolos…

Hofizni yod etib…

O‘zi san’atimiz turli yot yo‘llarga ergashib, «yovvoyilashib», yevropalashib, «roklashib» keta boshlaganida Alloh har-har zamonda uni poklab qo‘yadigan, asliga qaytaradigan, bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarib qo‘yadigan hofizlarni elning ichidan chiqarib turar ekan. O‘zbekiston xalq artisti Ma’murjon To‘xtasinovning yelkasiga ham ana shunday zalvorli yuk tushdi va u o‘ziga yuklatilgan ulug‘ vazifani qoyilmaqom qilib bajardi.

Ma’murjon To‘xtasinov xalqni asl qo‘shiqlarni tinglashga o‘rgatdi, serma’no g‘azallar kuyga solingan vazmin qo‘shiqlarni tushunib tinglaydigan bir avlodni tarbiyaladi. Ma’murjon To‘xtasinov Mirzo Boburdek, Hazrat Navoiydek mumtoz shoirlarni boshqattan xalqqa sevdirdi va shuning barobarida o‘zini ham sevdirib qo‘ydi.

Ma’murjon To‘xtasinov elning juda katta mehrini, muhabbatini qozondi.

Ma’murjon To‘xtasinov dunyodan o‘tganida esa xalq o‘zining bir dilbandidan judo bo‘lgandek, qattiq qayg‘urdi, kuyindi…

− Meni bir narsa juda hayron qiladi, − deydi hofizning katta o‘g‘li Umidjon. – Dadamning telefonlarini o‘chirganimiz yo‘q. Qizig‘i, odamlar hali ham dadamning telefoniga qo‘ng‘iroq qilishadi. Sog‘inganini aytishadi, qo‘shiq so‘rashadi, to‘ylariga taklif qilishadi. Odamlar dadamning dunyodan o‘tganini bilshmasmikan, deb o‘ylanib qolaman. Keyin yaxshi hofiz o‘lmasligiga, odamlar o‘zlari suygan hofizni yonlarida tirikdek e’zozlashlariga ishonaman.

Ma’murjon To‘xtasinovning xislatlarini, fazilatlarini eslaymiz.

− Hozir ba’zi san’atkorlar muxlislarning molu davlati, mansabiga qarab muomala qiladi. Otam esa hech narsani moddiylik bilan o‘lchamasdi. Hammaga bir xil muomala qilardi. Dunyoqarashi keng, oilaparvar inson edi. Hech qachon kibrga berilmasdi. Kimgadir yoqsa-yoqmasa to‘g‘riso‘z edi. Biror narsa o‘ziga yoqmasa to‘g‘risini aytib qo‘ya qolardi, − deb eslaydi Umidjon. – Otam ko‘plarga yaxshilik qilardi, ko‘p kishilarning to‘ylarida xolis xizmat qilardi, ammo yaxshiligini aytishni, shuning orqasidan obro‘ orttirishni aslo istamasdi. Shunday mard fe’l-atvori bor edi. Salkam o‘n yil yonida birga el xizmatida yurgan bo‘lsam, biror marta «mana shu joyda bepul xizmat qildik» demagan. Kimgadir yordam bergan bo‘lsa «buni hech kim bilmasin» deb bizga ham qattiq tayinlardi, o‘zi ham hech kimga aytmasdi.

Ma’murjon To‘xtasinovning so‘z bersa, bunga qonundek amal qilishini ko‘pchilik eslaydi.

− Otam bizga ham birovga va’da berishdan oldin o‘ylagin, derdi. O‘zi ham hech qachon biror joyga kech bormagan. Va’da bergan joylarini hech qachon boshqa taklifga almashtirmasdi, − deydi Umidjon. − Hatto, bir safar muxlislaridan biri bitta mashinaning kalitini o‘rtaga tashlab, «Aka, biznikiga boring», deganida ham «Men boshqa odamga lafz qilib qo‘yganman, uzr, siznikiga bora olmayman», deganiga guvoh bo‘lganman. Agar Toshkentga kelish uchun va’da berib qo‘ygan bo‘lsa, albatta, bir kun oldin kelardi. «Yo‘lda hamma narsa bo‘lishi mumkin, men lafzsiz odam bo‘lib qolmay», derdi. U kishining faoliyatida, o‘rniga boshqa birovni yuborish yoki va’da berilgan joydan qolish holatlari biror marta kuzatilmagan.

− Otam «Agar ashulani yaxshi aytsanglar aytinglar, bo‘lmasa, boshqa ish qilinglar», deb ko‘p takrorlardi, − deb eslaydi hofizning ikkinchi o‘g‘li Uyg‘unjon. − Hammamiz ham u kishiga munosib farzand bo‘lish uchun intilayapmiz. Hammamiz musiqa sohasida chuqur bilimga ega bo‘ldik. Otamizdek qo‘shiq ayta olsakgina sahnaga chiqishga ahd qildik va mana, hozir otamizning qo‘shiqlarini aka-ukalar birga ijro qilib, otamizning muxlislari bo‘lgan yurtdoshlarimizning yaxshi kunlarida xizmat qilib yuribmiz. Bir narsa ko‘nglimizga taskin beradiki, biz akam, men va ukam, otamning oldida jo‘rovoz bo‘lib, qo‘shiq kuylab, otamning imtihonidan o‘tganmiz.

− Otam men tug‘ilgan yillari «Parvona» spektaklidagi O‘tkurbekka juda havas qilgan ekanlar va menga O‘tkirbek deya ism qo‘yib, dutor chalib, qo‘shiq aytishimni orzu qilgan ekanlar. Shuning uchun musiqa maktabining dutor sinfiga o‘qishga qo‘ygan ekanlar, − deb eslaydi hofizning kichik o‘g‘li O‘tkirbek. – Otamning orzularini amalga oshirish uchun dutor chalishni puxta o‘zlashtirdim. Konservatoriyani ham dutorchilik bo‘yicha tugatayapman va, Xudoga shukur, otam orzu qilganidek, akalarimning yonida dutor chalib, qo‘shiq ham aytayapman.

– Ma’murjon aka bilan bitta mahallada, uch-to‘rt uy narida yashaganman, dadalari havas qilib, kelin qilishgan, – deb eslaydi Qimmatxon opa To‘xtasinova.– Elning mehrini qozongan taniqli hofiz bilan yashaganimdan Allohga behisob shukrona aytaman. Men baxtli ayolman. Ma’murjon aka bilan qiyin kunlarni ham, tashvishli kunlarni ham o‘tkazdik, ammo u kishi borida ham, yo‘g‘ida ham o‘zgarmadilar, hatto juda mashhur bo‘lib ketganlaridan keyin ham zarracha o‘zgarmadilar. Oilaga, farzandlarga, yaqinlariga mehribon bo‘lib qolaverdilar…

Sultonali Mannopov, O‘zbekiston xalq artisti, professor:

− Ma’murjon meni ustoz deb hurmat qilardi. Har bir qo‘shiqni mukammal ijro etgandagina magnit tasmasiga yozdirar edi. Ayniqsa, bu soha bilimdoni Anvar Tojiyevning mehnatini yuksak qadrlardi. Shuning uchun ijrolari qo‘shiq shinavandalariga manzur bo‘lar edi va hozir ham shinavandalar yurak yutib eshitishining boisi shunda. Bir voqeani hamon eslayman. 1995-yilda Qozog‘istonda O‘zbekiston madaniyati va san’ati kunlari bo‘ldi. O‘n kun davomida ijodiy uchrashuvlar o‘tkazib, san’atsevarlar bilan yaqindan muloqot qildik. Xayrlashuv konsertida Ma’murjonga «Buni umr derlar» qo‘shig‘ini aytishini maslahat berdim. Ma’murjon sahnaga chiqib, torni shunday chaldiki, tomoshabinlar qarsak chalib yubordilar. Qo‘shiq tugagach, tomoshabinlar o‘rinlaridan turib olqishladilar va sahnaga yana taklif qilishdi. Ma’murjon sahnaga qaytib, qo‘shiqni avjidan qaytardi. Bunday holat san’atkor ijodida kamdan-kam bo‘ladi.

So‘ngso‘z o‘rnida

Ma’murjon To‘xtasinov haqidagi xotiralar bir-ikki maqolada poyoniga yetmaydi. Zero, undan yaxshi nom qoldi, yaxshi ishlar qoldi, yaxshi farzandlar qoldi, yaxshi qo‘shiqlar qoldi, «Yaxshilig‘» qoldi…

Maqolamizni hofizning o‘zi kuylagan bayt bilan muxtasar qildik:

Bori elga yaxshilik qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q,

Kim degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘…

Ma’murjon To‘xtasinovni hali ko‘p eslaymiz.

Aytgancha, To‘xtasinovlar oilasida yana bir Ma’murjon To‘xtasinov paydo bo‘ldi. Hofizning o‘g‘li Uyg‘unjon o‘g‘liga Ma’murjon deb ism qo‘ydi. Ma’murjon To‘xtasinov oramizda.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring