Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«65 ta tarix...» – sudda «Dok-1 Maks»dan vafot etgan bolalarning yaqinlari eshitildi

O‘tgan yilning dekabrida Samarqanddagi shifoxonalarda 18 nafar, keyinchalik esa respublika bo‘yicha 65 nafar bolaning o‘limiga sabab sifatida ko‘rilayotgan «Dok-1 Maks» siropi mojarosi ayni kunlarda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida turli lavozimlarda ishlab kelgan 21 nafar shaxsning mahkamaga tortilishi bilan davom etyapti.

Bugun, 1-noyabr kuni «Dok-1 Maks ishi» bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar, OAV vakillari va Toshkent, Jizzax va Surxondaryo viloyatlaridan kelgan jabrlanuvchilar ishtirok etdi.

Bugungi sud majlisida tomonlar jabrlanuvchilarni eshitdi.

Dastlab jabrlanuvchi – «Dok-1 Maks» dorisi sabab 2 yoshli qizidan ayrilgan o‘rtachirchiqlik K.Adashevaga so‘z berildi.
Uning sud tergovidagi ko‘rsatmalariga ko‘ra, qizi 2022-yilning 8-dekabrida shamollab, yo‘tala boshlagan. Mahalliy poliklinika ularga grippga qarshi muolajalar yozib beradi. Adasheva shifokor retsepti bo‘yicha dorilarni oladi, biroq dorixonada sotuvchi shifokor yozib bergan dori (sirop) o‘rniga «Dok-1 Maks» siropini berib, shuning yaxshiligini aytib tavsiya qiladi.

Ayol dorilarni olib kelib qiziga ichira boshlaydi. Biroq 2 yoshli qizning tana harorati tushmaydi. 13-dekabr kuni yana shifokorlarga olib boradi. Va yana «gripp» tashxisi va dorilar yozilgan retsept bilan uyga qaytadi.

– Bolamning peshobi kelmay qolganidan keyin Nurafshondagi poliklinikaga olib bordim. Ular ham bolamga «gripp» tashxisini qo‘ydi va shamollash o‘pkasiga o‘tganini aytishdi. Bolamning ahvoli og‘irligini, shifoxonaga yotishim kerakligini aytishdi, – deydi Adasheva bo‘lib o‘tgan holat bilan tanishtirar ekan.

Uning aytishicha, u qizini olib shifoxonaga joylashgan. Shifokorlarga qizining tana harorati tushmayotgani, qayt qilib, hech narsa yemay qo‘yganini aytgan. Shifokorlar esa bolaga tomchidori va yana qator dorilar yozib beradi. Shifoxonada bolaning peshobini chiqarish uchun kateter (peshob chiqarib olishga mo‘ljallangan naycha, tibbiy asbob, -tahr.) topilmaydi. Qizchaning otasi yarim tunda Toshkentdan topib olib boradi.

Bora-bora bola holsizlanib, ko‘zini ocholmay qoladi. Bola jonlantirish bo‘limiga olinadi. Ona kasallik balki oshqozondadir degan taxmin bilan shifokorlardan uning oshqozonini yuvishni iltimos qiladi.

– Shundan keyin bola sal ko‘zini ochdi, yengillashganday bo‘ldi. Shu bilan Toshkent shahridagi 16-shahar shifoxonasiga olib keloldik, – deydi Adasheva.

Onaning aytishicha, qizi Nurafshonda 2022-yilning 15-dekabrida jonlantirish bo‘limiga tushgan, 16 dekabr kuni esa Toshkentga olib kelishgan.

16-shahar shifoxonasida bolaga gemodializ qilgan. 17-dekabrda esa qizaloq komaga kirgan...

– Do‘xtirlarga aytar so‘zim, bemorlarga sal mas’uliyatni his qilib qarasin. Agar (tuzatishga, -tahr) ko‘zi yetmasa, boshqa do‘xtirga jo‘natishi kerak. Ikki o‘rtada bola o‘ldi, mana...

Komaga kirganidan keyin 23-dekabrda joni uzildi, – deydi K.Adasheva o‘zini yig‘idan to‘xtatolmay.

Sud tergovida, shuningdek, Jizzax viloyatidan kelgan, shaxsini oshkor qilishni istamagan onaning hikoyasi esa yana ham qayg‘uli.

U ham,taxminan 2022-yilning 14-dekablarida, o‘g‘liga «Dok-1 Maks»ni dorixonadan olib bergan.

– Oktyabr oyida ham bergandim, o‘shanda yaxshi bo‘lib ketgan edi. Shuning uchun bu safar ham o‘zim dorixonadan olib berdim. Ko‘p ham ichmagan edi. Bir marta men, yana bir marta esa turmush o‘rtog‘im bergan, – deydi jizzaxlik ayol.
 

16-dekabr kuni bolaning otasi unga sirop berganidan keyin bola ovqatlanmay qo‘ygan. Isitmalagan va ovqatlanmay qo‘ygan bola bir kun uyda qolganidan so‘ng, 18-dekabr kuni Jizzax shahridagi ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasiga olib boriladi. Biroq baxtga qarshi bu yerda bolalar uchun qo‘yiladigan dializ topilmaydi va ota-ona 19 dekabrga o‘tar kechasi bolani olib Toshkentga qarab yo‘lga chiqadi.

Toshkent shahridagi 16-shahar shifoxonasida bolaga dializ qo‘yadi. Bolaning ahvoli baribir o‘nglanmaydi va 3-4 kundan keyin komaga tushadi. Bola komadan chiqmay 2022-yilning 22-dekabrida vafot etadi...

Bolasining betobligi va kundan-kunga so‘lib borayotganini ko‘rgan, morgdan olib chiqayotganida ekspertiza uchun yorilgan jasadiga guvoh bo‘lgan ota esa shu davr ichida ikki marta infarktni boshidan o‘tkazadi va 2023-yilning aprelida vafot etadi.

Elbek Boymuradov
Xabar.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring