Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda «nasha operatsiyasi»ni yo‘qqa chiqargan «uchastkovoy» va sobiq IIBchi qamaldi

Buxoroda «nasha operatsiyasi»ni yo‘qqa chiqargan «uchastkovoy» va sobiq IIBchi qamaldi

Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi binosida fuqaro xonadonidan topilgan kannabis o‘simligini yo‘qqa chiqarishga uringan hudud profilaktika inspektor hamda sobiq IIB xodimiga hukm o‘qildi.

G‘ijduvon tumani IIB 2-son Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi inspektori Sh.Sh. o‘ziga biriktirilgan xizmat hududi Saidkent qishlog‘idan o‘tib ketayotganida, fuqaro M.T.ning yashash xonadoni tomorqasida yetishtirilayotgan o‘simliklar uning e’tiborini tortgan. Xonadon egasi M.T.ni chaqirib, yetishtirayotgan o‘simliklarining 2 tupi kannabis ekanini aytgan va  uni yerdan sug‘urib olgan. Inspektor ushbu holatni o‘ziga biriktirilgan xizmat planshetida rasm va videotasvirga olgan. Guvoh sifatida qo‘ni-qo‘shnilarni chaqirib, dalolatnoma rasmiylashtirgan.

Fuqaro M.T. esa jinoiy javobgarlikdan qutilishni maqsad qilib, profilaktika inspektori bilan gaplashish uchun hamqishlog‘i A.H.ni chaqirgan. IIBning sobiq xodimi bo‘lgan A.H. profilaktika inspektoriga aniqlangan jinoyat bo‘yicha chora ko‘rmaslikni, buning evaziga moddiy manfaatdor qilinishini bildirgan. Shu tariqa M.T. xonadonidan 700 AQSh dollarini olib chiqib, A.H.ga bergan. A.H. esa ushbu pullarni «kannabis operatsiya»sini yo‘qqa chiqarish uchun profilaktika inspektoriga tutqazgan. Inspektor ham xuddi hech narsa bo‘lmagandek, 700 AQSh dollaridan 200 AQSh dollarini undirib berishda vositachiligi evaziga A.H.ga qaytargan. «Kannabis operetsiyasi» holati surat va videolari ham, tuzilgan dalolatnomalar ham «yo‘q»qa chiqarilgan. Inspektor 2 tup kannabis o‘simligini o‘zi bilan olib ketgan.

Biroq, ushbu jinoiy ish profilaktika inspektorining hamkasblariga o‘simlik turini aniqlash uchun jo‘natgan suratlari ortidan fosh qilindi.

Buxoro viloyat IIB ichki xavfsizlik inspeksiya xodimlari inspektorning qo‘l telefoni hamda xizmat planshetini olib, viloyat IIB binosida bayonnoma rasmiylashtirishgan. Videotasvir orqali surishtiruv harakatlarini o‘tkazishgan. Profilaktika inspektori o‘z aybiga iqror bo‘lmagan va fuqaro xonadonidan hech qanday kannabis chiqmagani, tomorqasidan chiqqan o‘simlik esa kartoshka o‘simligi ekani, uni yo‘qotib yuborishgani, sobiq IIB xodimi A.H.bilan ham hech qanday oldi-berdisi yo‘qligini bildirgan. 

Surishtiruvlar natijasida esa inspektorning xizmat plansheti «yashirin» papkasidan fuqaro M.T. xonadonidan 2 tup kannabis o‘simligi topilgani, holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilgani va xolislarni chaqirish uchun olib borilgan barcha jarayonlar vidoyetasviri topilgan.

Mazkur ish yuzasidan bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudlanuvchi tariqasida so‘roq qilingan Sh.Sh. (mahalla inspektori) aybiga iqrorlik bildirmagan.

«Sudlanuvchi aybiga iqror bo‘lmasa-da, profilaktika inspektorining xatti-harakatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar, tomonlarning ashyoviy dalillari jinoyatning fosh etilishini ta’minladi», - deydi sud raisi Bobur Umarov.

O‘z xizmat vazifasini suiiste’mol qilgan va undan g‘arazli maqsadlarda foydalangan profilaktika inspektori Sh.Sh. Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan 3 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Shuningdek, kannabis giyohvandlik vositasini o‘z tomorqasida yetishtirgan M.T.ga nisbatan 2 yilu 2 oy muddatga, IIBda uzoq yil xizmat qilib, nafaqaga chiqqan A.H.ga nisbatan esa 3 yil muddatga qamoq jazosi qo‘llanildi.

Har uch aybdorning ham jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring