Eshak o‘g‘irlab so‘yib, terisini sotish bilan shug‘ullangan yana bir jinoiy guruh fosh etildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtakor tuman sudining Mingchinor qishloq fuqarolar yig‘ini binosida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida sudlanuvchilar A.B., N.I., A.H. va O‘.Q. ning qilmishiga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtakor tuman sudi raisi Z.Xudoyberdiyev xabar berdi.
Uyushgan guruh aholining eshaklarini o‘g‘irlash va so‘yib, terisini o‘rtacha 150 ming so‘mdan pullash bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangan. Jumladan, Paxtakor tumanidagi «Cho‘ldagi lola» fermer xo‘jaligi dalasida yurgan, E.Qosimovga tegishli bo‘lgan ikki eshakni o‘g‘irlab ketishgan. Shuningdek guruh a’zolari jabrlanuvchi Sh.Muhiddinovning Paxtakor tumanidagi «Yashil bo‘ston yaprog‘i» fermer xo‘jaligi yer maydoni chetiga bog‘lab qo‘yilgan eshakni ham o‘g‘irlab ketganlar. Eshak egasi ertalab eshagi o‘z o‘rnida yo‘qligini bilib, atrofni izlab ko‘rgan, lekin topa olmagach, atrofdagilardan so‘ragan.
Mavzuga doir: Jizzaxda eshakfurushlar ustidan hukm o‘qildi
Mahallada yashovchi yosh bolalardan biri kelib unga dalaning chetida go‘sht borligini aytganida u eshagini oyog‘idagi ipidan taniydi va uni kimdir so‘yib, terisini ajratib olib ketganini aniqlaydi. Bu ish ham mazkur jinoiy guruh tomonidan amalga oshirilgani o‘z tasdig‘ini topdi.
Sud sudlanuvchilar A.B., N.I., A.H., O‘.Q.ni Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan aybli deb topdi va 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi. Shuningdek ularning oylik ish haqining 30 foizi davlat daromadiga ushlab qolinadi.
Tayinlangan jazoni jazo ijrosini nazorat qiluvchi organlar belgilab beradigan joylarda o‘tash belgilandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter