Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Iqtisodiyotda inflyasion xatarlar saqlanib qolmoqda – MB

Iqtisodiyotda inflyasion xatarlar saqlanib qolmoqda – MB

Iyul-avgust oylarida narxlarning yillik o‘sish sur’atlarini mo‘’tadillashishi kuzatilib, o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichlardan baland shakllangan. Shuningdek, iqtisodiyotdagi inflyasion kutilmalar may oyida kuzatilgan yuqori darajasiga nisbatan pasayishiga qarmasdan, hamon 14-15 foizni tashkil etmoqda.

Bu haqda Markaziy bank Boshqaruvining bugun, 8-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ma’lum qilindi.

«Kelgusi oylarda iqtisodiy faollikning yanada ortishi va qishloq xo‘jaligi sohalarida mavsumiy pul tushumlarining ko‘payishi hisobiga yalpi talabning o‘sishi, energiya ta’minoti va ichki bozorda ayrim mahsulotlar taklifi bilan bog‘liq inflyasion xatarlar saqlanib qolmoqda», – deyiladi Markaziy bank ma’lumotida.

Qayd etilishicha, iste’mol bozorlarida talab va taklifga ta’sir ko‘rsatuvchi ichki va tashqi iqtisodiy omillar hisobiga narxlarga bo‘lgan bosim yuqoriligicha qolmoqda. Avgust oyida yillik inflyasiya sur’ati 12,3 foizni tashkil etgan.

Yillik inflyasiya tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 16,3 foizga oshgan bo‘lsa, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar mos ravishda 10,9 va 7,1 foizga qimmatlashgan.

Avgust oyi natijalariga ko‘ra, aholining kelgusi 12 oy uchun inflyasion kutilmalari 15,3 foizgacha, tadbirkorlarning kutilmalari – 14,1 foizgacha pasaygan bo‘lsa-da, joriy inflyasiya sur’atlariga nisbatan yuqoriligicha qolmoqda.

«Shuningdek, joriy yil davomida shakllangan bazaviy inflyasiyaning o‘suvchi trendi ham iqtisodiyotda inflyasion xatarlar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Yillik bazaviy inflyasiya avgustda 12,4 foizni tashkil etib, uning umumiy inflyasiyadagi hissasi 9,4 foiz bandgacha oshdi», – deya ma’lumot berildi yig‘ilishda.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda Markaziy bank Boshqaruvi yillik asosiy stavkani 15 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish haqida qaror qabul qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring