Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandda 11,5 kilo geroinni O‘zbekistonda sotishga tayyorlangan guruh qo‘lga olindi (video)

Samarqandda 11,5 kilo geroinni O‘zbekistonda sotishga tayyorlangan guruh qo‘lga olindi (video)

Giyohvandlik moddalarining noqonuniy savdosiga qarshi o‘tkazilgan tezkaor tadbirlarda Tojikiston va Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 78 kg giyohvandlik vositasi musodara qilindi.

Xususan, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Tojikistonning Panjikent tumani bilan chegaradosh bo‘lgan Samarqand viloyatining Urgut tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, giyohvandlik vositalari kontrabandasi bilan shug‘ullanuvchi 1 nafar Tojikiston va 6 nafar O‘zbekiston fuqarolari (2 nafari muqaddam ayni shu jinoyati uchun qamalib chiqqan)dan iborat jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Tezkor tadbir davomida, guruh a’zolaridan qo‘shni davlatdan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan 11 kg. 502 gr. «opiy» moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, ulardan 2600 AQSh dollari, 12 mln. 690 ming so‘m va 850 somoni ham ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi. Aniqlanishicha, ular Tojikistondan keltirilgan ushbu narkotikni O‘zbekistonda sotishni rejalashtirishgan.

Shuningdek, DXXning bojxona organlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida o‘tkazgan tezkor tadbirida 1985-yilda tug‘ilgan Qozog‘iston fuqarosi to‘xtatilib, uning yuk sumkasi ko‘zdan kechirildi. Natijada, sumka ichida 46 kg 738 gr «gashish» moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning jinoiy sherigi bo‘lgan, 1976-yilda tug‘ilgan Tojikiston fuqarosi hamda haydovchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, 1964-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi ham ushlandi. Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositasi Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.

Bu yo‘nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham tezkor tadbir o‘tkazishdi.

Xususan, Toshkent-Farg‘ona yo‘nalishida harakatlanayotgan «Gentra» rusumli avtomashina Pop tumani hududida joylashgan YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada, Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1996 va 2001-yillarda tug‘ilgan aka-uka ketayotgan avtomashina salonida 19 kg 885 gr «gashish» moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, aka-ukaning jinoiy sherigi bo‘lgan va boshqa avtomashinada ularni kuzatib borayotgan, Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1998-yilda tug‘ilgan shaxs ham qo‘lga olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, ular muqaddam tojikistonlik narkokurerlar tomonidan Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan narkotik moddalarni olib ketayotganliklari ma’lum bo‘ldi.

Hozirda uchala holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring