Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Surxondaryoda stadion buzilib o‘rnida bolalar bog‘chasi qurilyapti

Surxondaryoda stadion buzilib o‘rnida bolalar bog‘chasi qurilyapti

Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida hokimiyat mahalla stadioni o‘rnida bolalar bog‘chasi qurishni boshladi. Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur qurilishning boshlanishi aks etgan videotasvirlar va stadion buzilishidan norozi aholining chiqishlari tarqaldi.

Holat yuzasidan tuman hokimligi rasmiy munosabat bildirib, mazkur «Yangiyer» mahallasida 4,8 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qilishi va 3-7 yoshdagi bolalar soni 382 nafarni tashkil etishini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mahalla hududida 5 ta oilaviy nodavlat va 1 ta davlat-xususiy sherikchilik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lib, ular mahalladagi bolalarni to‘liq maktabgacha ta’limga qamrab olish quvvatiga ega emas.

«Shu sababli mahalla aholisi tomonidan hududda davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushgan», – deyiladi xabarda.

Hokimlikka ushbu murojaatlardan so‘ng mahallada davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish bo‘yicha davlat dasturiga taklif berilgan.

Shunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining 2023 yil 11 sentyabrdagi 83-son bayoniga muvofiq Prezidentning 2023 yil 25 dekabrdagi 404-sonli qarorining 11-bandida Qumqo‘rg‘on tumani «Yangiyer» mahallasi hududidan 90 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilishi belgilangan.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida umumiy maydoni 1 gektar 15 sotix o‘lchamdagi o‘yingoh (hokimlik zahirasidagi)ning bo‘sh turgan qismidan davlat bog‘chasi qurilishi uchun 35 sotix yer maydoni ajratilgan.

«Hozirgi vaqtda ushbu qurilish ishlari olib borilayotgan yer maydonidan tashqari zamonaviy sport maydonchasi qurish uchun 80 sotix yer mavjud», – deyiladi hokimlik munosabatida.

O‘z navbatida, ijtimoiy faol jurnalist Sardor Usmoniy bolalar bog‘chasi uchun stadiondan boshqa joy bo‘lmaganligini shubha ostiga oladi va davlat rahbarining har bir mahallada sport maydonchalari bo‘lishi zarurati haqidagi gaplarini eslaydi.

Shuningdek, uning aytishicha, hokimlik munosabatidan so‘ng stadion qurilishiga qarshi fikr bildirgan aholi vakillari mahalliy IIBga chaqirtirilmoqda.

 «Yana qolganlarga noqonuniy namoyish uyushtirish bilan po‘pisa ham qilinayotgan ekan», – deb yozadi u. 

Hozircha mahalliy hokimiyat aholi vakillarining IIBga chaqirtirilishi yuzasidan biror izoh bermadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring