Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda o‘qituvchi o‘quvchilarining qo‘liga igna sanchib «tarbiyalagan»

Toshkentda o‘qituvchi o‘quvchilarining qo‘liga igna sanchib «tarbiyalagan»

Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 277-maktabda o‘qituvchi 1-sinf o‘quvchilari qo‘liga ularning xatolari uchun igna va burama mix sanchib jazolab kelgani ma’lum bo‘ldi.

«Daryo» nashrining bolalar ota-onasiga tayanib xabar berishicha, holat joriy o‘quv yili boshidan buyon davom etib kelayotgan bo‘lgan. Bolalar o‘qituvchi tomonidan bu haqda boshqalarga aytsa, qattiqroq jazolashini aytib qo‘rqitilgani sabab, ota-onalar bu jazo usuli haqida yaqinda xabar topishgan.  

Bolalar ombudsmani bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra esa joriy yilning 16-aprel kuni Toshkent shahri Sergeli tumani, 277-o‘rta maktab 1-E sinf o‘quvchilarining 15 nafar ota-onalari mazkur maktab direktorining huzuriga kelib, 1-E sinf rahbari S.R. (ayol) ning ustidan shikoyat qilgan.

Murojaatda ota-onalar sinf rahbari S.R. o‘quvchilar qo‘lining kaft qismini ustiga burama mix va ignalar bilan sanchib turli jarohatlar yetkazganligi, go‘yoki shunday usulda bolalarni tarbiyalashga uringanini bildirishgan.

«1-E sinf rahbari S.R. bolalarga nisbatan shunday nomaqbul harakatlarni sodir qilganligi yuzasidan o‘qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, u ishdan bo‘shatildi», – deyiladi tashkilot rasmiy xabarida.

Biroq «Daryo» nashri muxbiri uchrashgan mazkur maktab direktori ushbu voqeani xaspo‘shlashga urinib, holat u maktabda bo‘lmagan paytda sodir bo‘lganini va o‘qituvchiga «Hayfsan» jazosini qo‘llaganini aytish bilan cheklangan.

Hozirda holat yuzasidan Sergeli tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

Holat Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring