Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Turkiy davlatlarning ikki tashkiloti rahbarlari uchrashdi

Turkiy davlatlarning ikki tashkiloti rahbarlari uchrashdi

28 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy davlatlar jo‘g‘rofiya kengashi bosh kotibi Oybek Norinboyev Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev bilan uchrashdi.

Uchrashuvda turkiy davlatlar a’zo bo‘lgan har ikki tuzilma o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar ilm-fan va madaniy-gumanitar sohalarda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar ijobiy sur’atlarda rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Shuningdek, tomonlar mamlakatimizda o‘tkazilgan qator muhim tadbirlar, masalan, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga mas’ul vazirlarning 4-yig‘ilishi (2022 yil 25-26 oktyabr, Samarqand) va Tashkilot transport vazirlarining yig‘ilishi (2022 yil 27-28 oktyabr, Toshkent shahri), Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining «Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari» mavzusidagi yig‘ilishi (2022 yil 11 noyabr) yakunlari, yig‘ilish doirasida imzolangan hujjatlar va taraflar zimmasiga olgan vazifalarning ijrosi hamda Turkiy davlatlar jo‘g‘rofiya kengashining tashkil etilishi, kengash oldidagi maqsad hamda vazifalar yuzasidan fikr almashildi.

«Turkiy davlatlar umumiy taraqqiyotga intilar ekan, buning uchun eng avvalo o‘z bilim va tajribalarimiz bilan bo‘lishish, tajribalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga ehtiyoj bor. Buning uchun esa boshqa sohalar kabi mamlakatlarimizning eng muhim ilmiy yo‘nalishi geografiya sohasida o‘zaro birdamlik barchamiz uchun buyuk zaruratga aylanmoqda. Kengash o‘z oldiga ana shu bo‘shliqni to‘ldirishni maqsad qilib qo‘ygan.

Bugungi kunda barchamiz globallashuv jarayonlarini kuzatmoqdamiz va iqlim o‘zgarishi, ekologik muammolar, turli pandemiyalar, energiya resurslari taqchilligi kabi global muammmolar bilan bog‘liq murakkab sinovlarni boshimizdan kechirmoqdamiz. Turkiy davlatlar jo‘g‘rofiya kengashi turkiy tilli ilmiy-tadqiqot institutlari va jamoat birlashmalari o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni yanada takomillashtirish, geografiya, o‘lkashunoslik va boshqa turdosh fanlardagi yutuqlarimizni bo‘lishish orqali kelajakda kutilayotgan ana shu muammolarga birgalikda yechim topish harakatidamiz», – deya ta’kidlagan Oybek Norinboyev.

Turkiy davlatlar jo‘g‘rofiya tashkiloti bosh kotibi ushbu maqsadlarga erishishga qaratilgan strategiya va chora-tadbirlar rejasi bilan Kubanichbek Omuraliyevni tanishtirarkan, bu maqsadlarning amalga oshishida Turkiy davlatlar tashkilotining qo‘llovi har qachongidan muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida ikki tashkilot hamkorligi doirasidagi boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring