Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lganlar oilasiga qator imtiyoz va kafolatlar berilyapti

Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lganlar oilasiga qator imtiyoz va kafolatlar berilyapti

Prezident bugun, 13-mart kuni Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolari hamda ularning qaramog‘idagi shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir Farmonini imzoladi.

Mazkur hujjat bilan  Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, DXX, Prezident davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi hamda Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazining Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilari va xodimlarining oila a’zolari hamda ularning qaramog‘idagi shaxslarga quyidagi imtiyoz va kafolatlar beriladi:

2023-yil 1-apreldan boshlab:

  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchi (xodim) oila a’zolariga biryo‘la beriladigan nafaqa marhumning oxirgi egallagan lavozimi bo‘yicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yig‘indisining 150 baravari miqdorida belgilansin;
  • harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi doirasida harbiy xizmatchi (xodim) halok bo‘lganda to‘lanadigan sug‘urta summasi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida belgilansin;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga ular tomonidan belgilangan miqdorlarda (mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 50 foizigacha bo‘lgan summadan oshmagan holda) mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) tegishli hududda istiqomat qiluvchi oila a’zolariga har oy to‘lanadigan nafaqa tayinlash tartibini belgilash huquqi berilsin;

2023-yil 1-maydan boshlab:

  • oilaning mehnatga layoqatsiz har bir a’zosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi pensiyani hisoblab chiqish uchun olinadigan pul ta’minotining (ish haqining) 50 foizi miqdorida belgilancin;
  • oila a’zolari (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, 23 yoshga to‘lmagan farzandlari) daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etilsin;
  • belgilangan tartibda turarjoyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turarjoy bilan birinchi navbatdagi tartibda ta’minlansin;
  • qonunchilikda belgilangan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) turarjoy sotib olish (qurish) uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish tartibiga muvofiq uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlarini olish huquqi saqlab qolinsin;
  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) yangi nikohga kirmagan turmush o‘rtog‘i va (yoki) harbiy xizmatchining (xodimning) qaramog‘ida bo‘lgan ota-onasidan biriga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilariga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasini to‘lash tartibi tatbiq etilsin (mulkida turarjoy bo‘lmagan taqdirda).
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring