Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

10 daqiqadan qisqa teleko‘rsatuvlarni reklama bilan uzib qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi

10 daqiqadan qisqa teleko‘rsatuvlarni reklama bilan uzib qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi

Illyustrativ foto

Bugun, 7-mart kuni Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Xususan, yangi tahrirdagi «Reklama to‘g‘risida»giqonun ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanishicha, amaldagi qonunchilik hujjatlarida umumiy tusga ega bo‘lgan va ishlamaydigan normalar mavjud, ular reklama faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni to‘liq qamrab olmayapti, huquqni qo‘llash amaliyotida ko‘plab huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘lyapti.

2021-yilda reklama sohasida 15 486 ta qonunbuzarlik holati aniqlangan: tashqi reklama va boshqa reklamalarda — 10 249 ta, daraxtlardagi reklama va e’lonlarda — 3 416 ta, dori-darmon va biologik faol qo‘shimchalar reklamasida — 658 ta, tamaki va alkogol mahsuloti reklamasi — 499 ta, bukmekerlik va totalizatorlar xizmatlari reklamasida — 260 ta, madaniy meros obyektlari bo‘yicha — 150 ta, xususiy ta’lim va tibbiyot muassasalarida — 110 ta, rag‘batlantiruvchi konkurs va aksiyalarda — 103 ta holat qayd etilgan.

Yangi tahrirdagi qonunga qonunosti hujjatlar normalari ham kiritilmoqda.

Qonunga amaliyot va xorijiy tajriba tahlili asosida rag‘batlantiruvchi reklama aksiyalarini tashkil etish va o‘tkazishga oid normalar kiritilgan. Xususan, tegishli mukofot fondisiz rag‘batlantiruvchi reklama aksiyalarini o‘tkazish taqiqlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama davlat tilida tarqatilishi, qo‘shimcha ravishda uning tarjimasi boshqa tillarda takrorlanishi mumkinligi belgilanmoqda.

Qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti hamda xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda reklamaga qo‘yiladigan talablar kuchaytirilib, yangi normalar kiritilmoqda.

Xususan, darsliklar va daftarlarda reklama joylashtirish, reklama narxlarini xorijiy valyutada ko‘rsatish, axloq va ma’naviyatning umumqabul qilingan normalariga zid keluvchi shakl, ibora, va obrazlardan foydalanish, tovarning asosiy xususiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni iste’molchidan yashirish taqiqlanmoqda.

Shuningdek, ayrim turdagi reklama vositalari orqali reklama tarqatishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilanmoqda. Jumladan, telekanallar efirida tarqatilayotgan reklamaning umumiy davomiyligi ko‘rsatuv vaqtining bir soati uchun yigirma foizdan, biroq bir sutkada ko‘rsatuv vaqtining o‘n besh foizidan oshishi mumkin emas. Davomiyligi o‘n daqiqadan kam bo‘lgan teleko‘rsatuvlarni reklama bilan uzib qo‘yishga va reklama bilan birga namoyish etishga yo‘l qo‘yilmaydi. 

Qonunning yana bir muhim jihati ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlanmoqda.

Senatorlar muhokama jarayonida Qonunda bayon etilgan ayrim moddalarning amaliyotga tatbiq etilishi bilan bog‘liq holatlarga ham e’tibor qaratdi.

Shuningdek, majlisda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash borasida o‘tkazilgan o‘rganish va tahlillar ushbu sohada to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar va o‘z yechimini kutayotgan masalalar mavjudligini ko‘rsatdi.

Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash bo‘yicha metodika ishlab chiqilmagan. Oqibatda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksini aniqlash ishlari amalga oshirilmay qolgan.

Ochiq va doimiy e’lon qilib borilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni rasmiy veb-saytlar va ochiq ma’lumotlar portalida (data.egov.uz) joylashtirish shakli, vaqti, tartibi aks etgan alohida yo‘riqnoma ishlab chiqilmagan.

Davlat organlari va tashkilotlari  kesimida tahlil shuni ko‘rsatmoqdaki, zarur ma’lumotlar ko‘pincha Madaniyat vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Madaniy meros agentligi, Xorazm, Navoiy, Samarqand va Buxoro viloyati hokimliklari tomonidan joylashtirilmaydi.

Majlisda kun tartibidagi masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring