Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Advokat so‘roq qilinishi mumkinmas. Ammo...

Advokat so‘roq qilinishi mumkinmas. Ammo...

Advokat so‘roq qilinishi mumkin emas, aslida. Ammo amaliyotda shunday holat saqlanib qolmoqda, bunga esa qonunlardagi nomutanosiblik bunga izn berayapti, deya yozishmoqda tizim vakillari bo‘lgan Abdumalik Abdullayev va Dilkashbek Haydarov. 

Ularga ko‘ra, O‘zbekistonda tergov organlari tomonidan jinoyat ishlari doirasida advokatlarni o‘z vazifalarini bajarishlari natijasida ma’lum bo‘lib qolgan holatlar haqida ham guvoh sifatida so‘roq qilib, tergovga jalb qilinishi holatlari uchrab turibdi va, o‘z navbatida, ularning bunday ko‘rsatuvlari dalil deb inobatga olinmoqda. Bu esa, tabiiyki, malakali va professional yuridik yordam ko‘rsatilishiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatayotir.

O‘zbekiston Respublikasi «Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida»gi Qonunning 7-moddasi 2-qismiga muvofiq, advokatdan va uning yordamchisidan va stajyoridan advokatlik siri predmeti hisoblangan holatlar to‘g‘risida biron-bir tushuntirish yoki ko‘rsatuvlar berishni talab qilish, shuningdek ular haqida tezkor-qidiruv faoliyatida, jinoyat ishlari, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar va boshqa ishlarni yuritishda foydalanish uchun biron-bir material taqdim etishni talab qilish man etiladi.

Biroq, ushbu qoida amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 115-moddasida to‘liq aks etmagan. Ya’ni, mazkur moddada «jinoyat ishi yuzasidan o‘z vazifalarini bajarishlari natijasida o‘zlariga ma’lum bo‘lgan holatlar to‘g‘risida — himoyachini, shuningdek jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgarning vakilini» guvoh va jabrlanuvchi tariqasida so‘roq qilish mumkin emasligi belgilangan.

Ya’ni bu me’yor advokatning:

  • Birinchidan, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining himoyachisi sifatida qatnashgan jinoyat ishi bo‘yicha o‘z vazifalarini bajarishi natijasida o‘ziga ma’lum bo‘lgan holatlar to‘g‘risida guvoh sifatida so‘roq qilinishi mumkin emasligi;
  • Ikkinchidan, jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgarning vakili sifatida advokat qatnashgan jinoyat ishi bo‘yicha o‘z vazifalarini bajarishi natijasida o‘ziga ma’lum bo‘lgan holatlar to‘g‘risida guvoh sifatida so‘roq qilinishi mumkin emasligini bildiradi.
  • Biroq, amalda advokat yana boshqa bir qator holatlarda ham o‘z vazifalarini bajarishi natijasida (jarayonida) ma’lumotlarga ega bo‘ladiki, jahon amaliyotiga va oddiy mantiqqa ko‘ra advokat bu holatlar to‘g‘risida ham guvoh sifatida so‘roq qilinishi mumkin emas.

Ya’ni bu:

- guvohning advokati sifatida jinoyat ishi bo‘yicha o‘z vazifalarini bajarishi natijasida;

- iqtisodiy, fuqarolik, ma’muriy ishlar yuzasidan o‘z vazifalarini bajarishi natijasida;

-yuridik va jismoniy shaxslarga ularning huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida yuridik maslahat berishi jarayonida;

-har qanday yuridik yordam ko‘rsatishi natijasida ma’lum bo‘lgan holatlardir.

Qolaversa, yuridik yordam ko‘rsatilishi munosabat bilan o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan holatlar to‘g‘risida nafaqat advokat, balki advokat yordamchisi, advokat stajyori yoki advokatlik tuzilmasining boshqa xodimlari ham so‘roq qilinishi mumkin emas.

Umuman, yuridik yordam so‘rab murojaat etgan shaxs bilan muloqot davomida muayyan ishning ayrim holatlari advokatga, advokat stajyori, advokat yordamchisi yoki advokatlik tuzilmasining boshqa xodimiga ma’lum bo‘lib qolishi tabiiy. Shu bois ham bu holda, yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzilgan-tuzilmaganligidan qat’iy nazar, ularni guvoh sifatida so‘roq qilishga erishish advokatning daxlsizligi, faoliyatiga aralashish bo‘ladi va, o‘z-o‘zidan, advokatlik faoliyatining mustaqilligi prinsipini buzadi. Demaki, ularning guvohlik ko‘rsatuvlari ham maqbul dalil bo‘la olmaydi.

Xorij tajribasini kuzatganimizda ham bu qoidani ko‘rishimiz mumkin. Xususan, Germaniya, Rossiya Federatsiyasi, Gruziya, Qozog‘iston, Belorussiya, Qirg‘iziston kabi davlatlarning jinoyat protsessual qonunchiligida advokatning yuridik yordam ko‘rsatish natijasida ma’lum bo‘lgan holatlar yuzasidan so‘roq qilinishi mumkin emasligi aks etgan.

Masalan, Gruziya Jinoyat-protsessual kodeksining 50-moddasiga ko‘ra advokatni ish bo‘yicha majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan ma’lum bo‘lgan holatlar haqida hamda yuridik yordam ko‘rsatishi munosabat bilan unga ma’lum bo‘lgan holatlar haqida guvoh sifatida so‘roq qilinishi mumkin emas. Shuningdek, himoyani olgunga qadar shaxsga yuridik yordam ko‘rsatgan advokat ham guvoh sifatida so‘roq qilinmaydi.

Bundan tashqari, Belorussiya Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 60-moddasiga muvofiq, advokat, uning stajyori, yordamchisi, advokatlik tuzilmasining boshqa xodimlari  – yuridik yordam ko‘rsatish munosabati bilan ularga ma’lum bo‘lib qolgan qandaydir ma’lumotlarni olish uchun guvoh sifatida so‘roq qilinmaydi. Shuningdek, ishga aloqador ma’lumotlarga ega bo‘lgan advokat, guvohning advokati, himoyachi, vakil (advokat)ni guvoh sifatida so‘roq qilish mumkin emas.

Shulardan ham ko‘rinadiki, advokat, advokat yordamchisi, advokat stajyori va advokatlik tuzilmasining boshqa xodimlari yuridik yordam so‘rab kelgan shaxslar bilan o‘rnatilgan muloqotlarda hamda yuridik yordam ko‘rsatishlari bilan bog‘liq holatlarda o‘zlariga ma’lum bo‘lgan holatlar haqida guvohlik ko‘rsatuvlari olinishi mumkin emasligi qonunan qat’iy cheklab qo‘yilishi bizda ham allaqachon zamon talabiga aylanib ulgurgan.

Shundagina advokat faoliyatiga asossiz aralashuv amaliyotiga chek qo‘yilishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring