Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aksariyat o‘zbek ayollari ko‘p farzandli bo‘lishini ma’qul ko‘rishadi – so‘rovnoma

Aksariyat o‘zbek ayollari ko‘p farzandli bo‘lishini ma’qul ko‘rishadi – so‘rovnoma

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy tadqiqot instituti tomonidan BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi bilan hamkorlikda oilalarda tug‘ilishning ko‘payish omillarini aniqlash maqsadida joriy yilning 8-avgustdan 15-sentyabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahrida sotsiologik tadqiqot o‘tkazildi. Tadqiqot 15 ta shahar, 33 ta tuman va 204 ta mahallani qamrab oldi.

Tadqiqotda farzandli ayollarning yana qancha farzand ko‘rishlari to‘g‘risidagi fikrlari o‘rganilganida, 47,3 foiz ayollar 4 nafar, 38,6 foiz ayollar 3 nafar farzandli bo‘lishni rejalashtirishgani aniqlandi. Ko‘p farzandli bo‘lishni istovchilar ulushi 53,1 foizni tashkil etdi.

To‘rt nafar va undan ko‘p farzand ko‘rishni rejalashtirish holati farzand ko‘rgunga qadar har uchinchi respondentga (28,5  foiz) xosligi keyingi yillarda ham O‘zbekistonda demografik o‘sish sur’ati yuqori darajada saqlanib qolishidan darak bermoqda.

Ayollardan ko‘p farzandli bo‘lishning asosiy sababi so‘ralganida, ularning ota-onalarga keksalikda tayanch bo‘lishi asosiy omil sifatida aksariyat ayollar tomonidan aytib o‘tildi.

Tadqiqot farzandlar soni o‘zining qaroriga bog‘liq emasligi holati o‘rta ma’lumotli ayollarda yuqori, oliy ma’lumotlilarda esa bir muncha past (26,5 foiz) ekanligini ko‘rsatdi.

Olingan natijalarga ko‘ra, har yettinchi xotin-qizlar (15,3  foiz) 2 nafar farzand bitta oila uchun yetarli degan fikrni bildirdi. Bunday javob ko‘proq oliy ma’lumotli ayollarda qayd etildi.

Ma’lumot uchun, 2000-yilda 527,6 ming nafar, 2010-yilda 634,8 ming nafar go‘dak dunyoga kelgan bo‘lsa, 2021-yilga kelib bu ko‘rsatkich 905,2 ming nafarga yetgan. Xalqaro mezonlarga ko‘ra, O‘zbekiston 2021-yilda tug‘ilish darajasi bo‘yicha «o‘rtacha yuqori» bo‘lgan mamlakatlar qatoridan joy egalladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring