Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQShdagi o‘zbek sportchisi: «Yo‘qotganlarimdan topganlarim ko‘p bo‘ldi»

AQShdagi o‘zbek sportchisi: «Yo‘qotganlarimdan topganlarim ko‘p bo‘ldi»

«Xabar.uz» mamlakatimizning faol yoshlari, xususan ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishib kelayotgan, umidli sportchilarimiz bilan intervyularni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz hozirgi kunda AQShdagi Lions Martial arts sport klubida faoliyat olib borayotgan hamyurtimiz Sherzod Abdullayev bo‘ldi.

Qahramonimiz 1995 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Qariyb 15 yil yildan buyon sportning taekvondo va kikboksing turlari bilan shug‘ullanib keladi. Bir necha marta O‘zbekiston va xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lgan.

Sportga kirib kelish

Ochig‘i, sportga muhabbat bolaligimda uyg‘ongan. 10 yoshimda sportning taekvondo turi bilan shug‘ullanishni boshlaganman. Birinchi murabbiyim Sherali aka Mirzoholov bo‘ladi. Sportdagi boshlang‘ich bilimlarni shu kishidan olganman. Undan keyin Sherali akaning o‘zlari tajribali sport murabbiyi Oybek aka Normetov huzurlariga olib borganlar.

Oybek aka bilan yakka kurashning deyarli hamma turi bo‘yicha mashg‘ulotlar  qilganmiz. Jumladan boks, taekvondo, jet kundo, aikido, dzyudo, qo‘l jangi va kikboksing.

Lekin shu kunga qadar ko‘proq katta yutuqlarga kikboksing orqali erishdim.

Umuman, sportda va hayotda nimagaki erishgan bo‘lsam, ularning hammasi Allohdan va sababchilari ota-onam, ustozlarim mehnati va duosida deb, bilaman. Ular men uchun juda qadrli. Har doim, har sohada ularga suyanganman. Hozir ham nima muammo, nima xursandchilik bo‘lsa doim birga baham ko‘ramiz. Ayniqsa, murabbiyim Oybek aka doim yaxshilik bilan, yaxshi gap bilan muammolarni hal qilishga harakat qiladi.

AQShdagi do‘stlarim milliy taomlarimizni yoqtirishadi

Hozir Amerika Qo‘shma Shtatlarning Nyu York shahridagi Lions Martial arts sport klubida mashg‘ulotlarni olib boryapman. AQShga kelganimga deyarli 3 yil bo‘lyapti. Kelishimning eng asosiy sababi sport sohasidagi kareramni oshirish bo‘lgan. Bu yerdagi murabbiyim Artem Sahakyan. Talabchan va mehnatsevar inson.

Sport klubimizda 100 ga yaqin sportchilar va 10 dan ortiq millat vakillari bor. Ular bilan bo‘sh vaqtlarimizda o‘z mamlakatimizdagi yangiliklar xususida tez-tez suhbatlashib turamiz. Bu yerdagi do‘stlarimni aksariyati O‘zbekistonda bo‘lgan. Mamlakatimizning tarixiy qadamjolari hamda milliy taomlarimizni yoqtirishadi. Ayniqsa, murabbiyim Artem Sahakyan milliy taomlarimiz mazasi haqida ko‘p gapirib turadi. Ular fursat bo‘lishi bilan yana O‘zbekistonga borish niyatida.

Muvaffaqiyat va mag‘lubiyat

Inson hamisha har narsaga tayyor turishi kerak. Bizning soha – sportda muvaffaqiyat ham, mag‘lubiyat ham doim yonma-yon yuradi.

Yodimda, sport musobaqalardagi birinchi mag‘lubiyatimda biroz tushkunlikka tushganman. Ammo murabbiylarim, oilam va do‘stlarim dalda berishlari natijasida o‘zimda kuch topa olganman. Muvaffaqiyat qozonganimda esa, keyingi musobaqalarni sabrsizlik va o‘zimga sig‘may jo‘shib kutgan paytlarim ko‘p bo‘lgan.

Umuman, muvaffaqiyat formulamga hamisha yaxshi niyat qilish, Yaratgandan faqat yaxshilik so‘rash, ota-ona, yaqinlarning roziligi, duosi va albatta mehnatni kiritgan bo‘lardim.

Yo‘qotganlarimdan topgan narsalarim ko‘p bo‘ldi

Sportni tanlash evaziga yo‘qotgan narsam yo‘q, aksincha ko‘p narsaga erishdim. Masalan, bir necha marta kikboksing bo‘yicha O‘zbekiston chempioni va 2015 yil Rossiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada 2-o‘ringa sazovor bo‘ldim. Undan keyin ham bir qancha xalqaro turnirlarda sovrindorlar safidan o‘rin egalladim.

Yana bir narsani alohida ta’kidlamoqchiman, sport insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshiradi. Qat’iyat va chidamni o‘rgatadi.

Ammo, ba’zi vaqtlari sport musobaqalari, mashg‘ulotlar va safarlar tufayli qarindoshlar, yaqinlar va do‘stlarimning yaxshi-yomon kunlarida birga bo‘lolmaganman. Biroq ular har doim meni to‘g‘ri tushunib, qo‘llab-quvvatlab kelishadi.

Albatta O‘zbekistonga qaytaman

Sportda ham, shaxsiy hayotimda ham yaxshi niyat va rejalarim ko‘p. Sportdagi aksariyat rejalar pandemiya tufayli biroz ortga surilgan. Sababi xalqaro musobaqalar deyarli o‘tkazilmayapti. Hammasi izga tushgach, nufuzli sport musobaqlarida ishtirok etib, g‘olib bo‘lmoqchiman.

Keyinchalik albatta O‘zbekistonga qaytaman. Bu yerda orttirgan tajribalarimni yurtimizda sportga kirib kelayotgan bolalar va yoshlarga o‘rgatish niyatidaman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring