Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Biz zanjirni uzdik». Statsionar karantindan qaytgan shifokor-deputat bilan suhbat

«Biz zanjirni uzdik». Statsionar karantindan qaytgan shifokor-deputat bilan suhbat

Akram Mirzaakbarov

Shifokorlarga har tomonlama qiyin. Ular pandemiya davrida ham xavfli shifoxonalarda ishlashyapti, ham virus yuqtirib olishlari ehtimoli katta. Ayni fikrni statsionar nazoratda bo‘lgan Namangan tumanining Sho‘rqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi shifokor, tuman kengashi deputati va tadbirkor Akram Mirzaakbarov faoliyati misolida ko‘rdik.

Fursatdan foydalanib, ikki haftalik «safar»dan so‘ng uyiga qaytgan qahramonimiz bilan telegram orqali qisqa suhbat qurdik.

– Avvalo, analizingiz tahlili yaxshi chiqqanidan va oilangizga qaytganingiz bilan tabriklaymiz! Oxirgi kunlarda statsionar karantindagi fuqarolar ichidan koronavirusga chalinganlar ko‘proq aniqlanyapti. O‘zi nima bo‘lgandi, karantinga olinganingiz tarixi bilan o‘rtoqlashsangiz?

–  Joriy yilning 1 aprel sanasida statsionar nazorat uchun Namangan muhandislik-qurilish institutining talabalar yotoqxonasiga bizni olib ketishdi. Mana, shukur, oradan 14 sutka o‘tib, javob berishdi.

Sababiga to‘xtalsam, tumanimizning o‘zim istiqomat qiladigan Sho‘rqo‘rg‘on qishlog‘idagi «Tez yordam» bo‘limida 21 mart kuni navbatchilikka qo‘yilganmiz. O‘sha kuni biz bilan birga ishlagan M. ismli dispetcherimizda mart oyining oxirgi sanasida isitma kuchayib, koronavirusda gumonlandi va viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi. U esa Namangan shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikadagi sherigidan yuqtirgan. Hozir butunlay tuzalib, reabilitatsiyaga o‘tkazilgan. Asosiysi, u sog‘ligi yomonlashishi bilan vaqtida murojaat qilgan, shuning uchun turmush o‘rtog‘i, ota-onasi va farzandlariga ham yuqtirmagan. Lekin bizni karantinga jo‘natishdi. O‘zim vrach edim, hamrohlarimiz – hamshira T. va haydovchi U. lar teng safimizga qo‘shilishdi hamda bir binoda statsionar karantinni muvaffaqiyatli o‘tadik.

– Shifokor bo‘lganingiz uchun sanitariya qoidalariga yanada qat’iy amal qilgandirsiz? Tibbiy muolajalar ham oldingizmi, sizlarga e’tibor va sharoit qay darajada bo‘ldi?

– Biz joylashgan muassasaga yonimizdagi viloyat teri-tanosil dispanseri shifokorlari biriktirilgan ekan. Vazifalarini ko‘ngildagidek bajarishdi.

3 mahal issiq va sifatli taomlar, ichimliklar, antiseptik vositalar bilan ta’minlashdi. Bir kunda 2-3 mahal tana haroratimizni o‘lchashdi, xonamizni, buyumlarimizni va o‘zimizni dezinfeksiya qilishdi. Bizda umuman isitma chiqmadi, shu sababli tibbiy muolajaga hojat bo‘lmadi. Tashqariga chiqmaslik, hech kim bilan muloqot qilmaslik bo‘yicha doimiy kuzatuvda turdik. Xonadoshim, ya’ni haydovchimiz bilan ham masofa saqladik. Shifokor bo‘lganim uchun tez-tez qo‘limni sovunlab yurish odatim edi, niqobni ham ish jarayonida doim taqaman. Xullas, qulayliklar yaratilgan, kamchilik sezilmadi. Mas’ul xizmatchilar chiroyli muomalada bo‘lishdi, yaxshi qarashdi.

Bu uchun Prezidentimizga, hukumatimiz va viloyatimiz hokimiga, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbariga cheksiz rahmatimizni izhor qilamiz!

– 14 kunlik statsionar hayot tartibingiz qay tarzda kechdi, chunki sog‘lom holda edingiz, ertalabdan kechgacha nimalar bilan band bo‘ldingiz, bo‘sh vaqt ko‘pligi uchun zerikkandirsiz, diqqatingiz oshmadimi?

– Avvalo, tibbiyot xodimi bo‘lganim bois tartib va cheklovlarni to‘g‘ri tushundim va sabr qildim. Aloqa vositalariga, mobil telefonlarga ruxsat bor edi. Uydagilar bilan gaplashib, onlayn ko‘rishib turdik. Ochig‘ini aytsam, bahonada dam ham olvoldim, o‘zi karantinda aksariyat odamlar xonadonida hordiq chiqaryapti (kulgi smaylik jo‘natib). Shaxsiy gigiyenik qoidalarga alohida e’tibor qaratdim. Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarni kuzatdim. Mutaxassislarning mazkur kasallik bilan bog‘liq ma’lumotlarini diqqat bilan o‘qib bordim. Chet eldagi vaziyat, xastalikka chalingan bemorlar, karantinga olinganlar taqdiri bilan yurtimizdagi namunali sharoitni solishtirib, takror-takror minnatdorligim oshdi va shundan ham noliganlarga hayron qoldim.

Darvoqe, ma’lum muddat sukut saqladim, sokinlik yaxshi narsa ekan. Uzoq o‘ylanib, shiftga tikilib yotdim. Xotirjamlik muhitida o‘tgan umrimga nazar soldim, sarhisobladim. «Nima ishlarni qildim, qaysilariga ulgurmadim, yana qanday maqsadlar...» degan savollar xayolimni egalladi. Rejalarimni qayta ko‘rib chiqdim, tahlillarimni pishitdim. Axir deputatman, hududimdan muammo va takliflar tushgan. Yaqinda ochilgan xususiy shifoxonam istiqbolini keng tasavvur qildim. Qolaversa, o‘z nomimda dehqon xo‘jaligim bor. Hozir rediska pishgan, orqasidan sabzi yetiladi, issiqxona ham qurmoqchiman.

– Akramjon, hamqishloqlar sizlardan koronavirus chiqmasligi uchun bezovtalik bilan duoda bo‘lishdi, ularning xavotirini his qildingizmi?

– Ha, xavotir sababini bilaman, mana, yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. Ishoning, men turli gap-so‘zlarga e’tibor bermayman. Hayot davom etadi, sinovli kunlar ortda qolyapti. Vahima kerakmas, Ibn Sino yozib ketganidek, vahimaning o‘zi yarim kasallik, xotirjamlik yarim sog‘likdir. Sabr esa shifoning boshlanishidir. Toblanyapmiz, ko‘pi ketib, ozi qoldi, Xudo xohlasa! Hozir biroz hayajondaman, ikki hafta uzoqda yashadik. Oila a’zolarim diydorini sog‘indim. Shuning uchun barchaga ta’kidlamoqchimanki, uyda qoling va yaqinlaringiz davrasida bo‘ling. Qanoat va matonat bilan bu ko‘rinmas baloni albatta, yengamiz. G‘alaba yaqin, InshaAlloh!

Muhimi, biz virus yuqtirgan inson bilan uchlamchi darajada muloqot qilgan bo‘lsak-da, baribir hadik tug‘ilarkan. Lekin ko‘pchilikning duosi bilan zanjirni uzdik. Endi biz bilan 1 aprelgacha uchrashgan kishilar bemalol xavotirlanmasalar bo‘ladi. Lekin o‘sha gap: ko‘chaga chiqmang, agar zarurat taqozo qilsa, masofa saqlang, niqob taqing hamda qo‘l va yuzlaringizni tez-tez sovunlab tozalashni unutmang, salomatligingiz o‘z qo‘lingizda!

Orifjon Jo‘rayev suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring