Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda ayol qasddan erkaklarga «SPID» yuqtirgan

Buxoroda ayol qasddan erkaklarga «SPID» yuqtirgan

Foto: «Delovesti.ru»

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasi tezkor xodimlari hamda viloyat OITSga qarshi kurashish markazi bilan hamkorlikda, OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish borasida bir qator targ‘ibot va tashviqot tadbirlari o‘tkazilib, ushbu yo‘nalishda Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar qilinib, fuqarolarimizga ogohlantirish va tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Ammo o‘zi, oila a’zolari, yaqinlari va atrofdagilarning hayoti va sog‘ligiga e’tiborsiz bo‘lgan, nosog‘lom turmush tarzi va tartibsiz jinsiy munosabatlar natijasida gohida bilib, gohida bilmagan holda turli yuqumli kasalliklarni, ayniqsa, OIV infeksiyasini yuqtirib olish holatlari kuzatilmoqda.

Eng achinarlisi, o‘zida OIV infeksiyasi aniqlanganligi, infeksiyani yuqtirib olgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinib, ushbu virusni boshqa shaxslarga yuqtirganlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risida ogohlantirilib, tilxat olinganligiga qaramasdan, o‘zgalarga mazkur virusni qasddan yuqtirish yoki yuqish xavfi ostida qoldirish jinoyatini sodir qilayotgan shaxslarning aniqlanayotganligi bugun barchani qattiq tashvishga solmoqda.

Jumladan, Jondor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Vobkent tumanida yashovchi, 1987-yilda tug‘ilgan S.D. ismli ayol 2019-yilning may oyidan beri OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxs sifatida viloyat OITSga qarshi kurashish Markazi tomonidan ro‘yxatga olinib, OIV infeksiyasini boshqa shaxslarga yuqtirmaslik uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida bir necha marotaba yozma ravishda ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan, Jondor tumani Dalmunobod mahallasidagi xonadonlardan birida o‘zining OIV kasalligiga chalinganligini bilgan holda fuqaro S.Sh. bilan himoya vositasiz jinsiy aloqada bo‘lgan. Bu haqda Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur holat yuzasidan tuman Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov guruhi tomonidan S.D. ismli ayolga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 113-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda, ushbu ayolning boshqa shaxslar hayoti va salomatligini xuddi shu kabi xavf ostiga qo‘ygan qo‘ymaganligini aniqlashga qaratilgan dastlabki tergov hamda tezkor surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Fuqarolardan bugungi kunda avj olib borayotgan OIV infeksiyasini yuqtirib olmaslik maqsadida sog‘lom turmush tarziga rioya qilib, tartibsiz jinsiy munosabatlarga kirishmaslik so‘raladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring