Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

YeI elchisi Markaziy Osiyoda suv manbalaridan oqilona foydalanish yo‘lini aytdi

YeI elchisi Markaziy Osiyoda suv manbalaridan oqilona foydalanish yo‘lini aytdi

Elchi Sharlotta Adrian.

Foto: YeI delegatsiyasi

O‘zbekistonda suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish sohasida suv siyosati bo‘yicha milliy muloqot jarayoni boshlandi. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tgan muvofiqlashtiruvchi kengashning birinchi uchrashuvida ma’lum qilindi. Mazkur tashabbus Yevropa Ittifoqi, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti shafeligida amalga oshirilmoqda.

Muvofiqlashtiruvchi kengashning birinchi uchrashuvida ishtirok etgan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi  Sharlotta Adrian mintaqada suv manbalaridan oqilona foydalanish va boshqarish shartiga to‘xtaldi.

«Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish borasida muvaffaqiyatga faqatgina hamkorlikni mustahkamlash va muloqotni kengaytirish orqali erishish mumkin. Suv siyosati bo‘yicha milliy manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama muloqot O‘zbekistondagi qimmatli suv manbalarini saqlash va ulardan barqaror foydalanishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning suv siyosati masalalari bo‘yicha sektorlararo muloqotni kengaytirish va ushbu sohaga sarmoya jalb etish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi», – dedi elchi Sharlotta Adrian.

O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan YeI moliyaviy ko‘magida tashkil etilgan yig‘ilishda suv siyosatini takomillashtirish, adolatli va xavfsiz ta’minot, sanitariya hamda transchegaraviy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi. 

YeIning Markaziy Osiyoda suv siyosati bo‘yicha milliy muloqotlarni shakllantirish va takomillashtirishga qaratilgan loyihasi 2019 yil sentyabrda boshlangan bo‘lib, 2023 yilning fevraliga qadar davom etadi. U «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo: suv resurslari, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi sohasida hamkorlik» (WECOOP) dasturi doirasida amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil noyabr oyida Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo iqtisodiy forumida ham muhim mavzular qatorida yashil tiklanish masalasi muhokama etilgandi. Xususan, Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen forum ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida yashil sarmoya iqtisodiyotining ahamiyatiga to‘xtalgan.

Avval xabar berganimizdek, YeI O‘zbekiston hukumatining sahroga aylanayotgan hududni tiklash bo‘yicha xatti-harakatlariga ko‘mak sifatida joriy yil oxirigacha Orol dengizi tubiga 27 ming tup nihol ekish majburiyatini ham zimmasiga olgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring