Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yevropadagi eng yirik aviakompaniyalardan biri inqirozga yuz tutmoqda

Yevropadagi eng yirik aviakompaniyalardan biri inqirozga yuz tutmoqda

Foto: «Turproezdka.ru»

Fransiyadagi eng yirik aviakompaniya — Air France bankrotlik arafasida. Bu haqda Fransiya iqtisodiyot va moliya vaziri Bryuno Le Mer «BFM Business» bilan suhbatda aytib o‘tgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aviakompaniya hukumatdan katta miqdorda yordam olmasa, kompaniya parchalanib ketishi mumkin. Shuningdek, vazir aviakompaniya mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega kompaniya ekanligini ta’kidlab: «Fransiya o‘z aviakompaniyasiga ega bo‘lishi shart, bu mamlakat suverenitetining kafolatlaridan biridir», deya qo‘shimcha qilgan. Hukumat 2020-yilda Air France kompaniyasiga yetti milliard yevro miqdorida mablag‘ ajratgan.

Buning evaziga kompaniya raqobatbardoshligini oshirishi va barqaror aviakompaniyaning namunasiga aylanishi kerak, degan Le Mer. Avvalroq Air France ommaviy ishdan bo‘shatishni boshlashga tayyorgarlik ko‘rayotgani ma’lum bo‘lgan.

Keyingi ikki yil davomida kompaniya 7,5 mingga yaqin ish joyini qisqartirishni rejalashtirmoqda. Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqiroz oqibatlari uni bunday chora ko‘rishga majbur qilmoqda. Yana bir aviatsiya giganti — Lufthansa ham o‘z xodimlarini ishdan bo‘shatishga majbur, o‘n minglab odamlar ishsiz qolishlari mumkin. Kompaniya bugungi kunda 26 mingga yaqin ish o‘rnini ortiqcha deb hisoblaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring