Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jahon banki insoniyatni yashirin xatardan ogoh etdi. Afsuski, bu ogohlantirish O‘zbekistonga ham daxldor

Jahon banki insoniyatni yashirin xatardan ogoh etdi. Afsuski, bu ogohlantirish O‘zbekistonga ham daxldor

Foto: «newsbeezer.com»

Sayyoramizda suv manbalarining ifloslanishi bilan bog‘liq yashirin xavf-xatar tobora kuchayib bormoqda. Bu haqda Jahon banki tomonidan tayyorlangan «Noma’lum sifat: ko‘rinmas suv inqirozi» hisobotida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, suv manbalarining ifloslanishi tabiat va ekotizimga ta’sir etibgina qolmay, dunyo iqtisodiy taraqqiyotini ham sekinlashtirmoqda. Dunyo bo‘yicha 80 foiz oqova suv tabiatga tozalanmagan holda chiqarilmoqda. Ushbu ko‘rsatkich ayrim rivojlanayotgan mamlakatda 95 foizga yetadi. Suv tozalash tizimini isloh etish uchun esa juda katta miqdorda sarmoya talab etiladi.

«Toza suv iqtisodiy o‘sishning asosiy omillaridan biri sanaladi. Suv sifatining yomonlashuvi iqtisodiy taraqqiyotni tushovlaydi, aholi salomatligini izdan chiqaradi, oziq-ovqat ishlab chiqarish ko‘rsatkichini pasaytirib, mamlakatlarni qashshoqlikka olib boradi», – deydi Jahon banki yetakchisi Devid Malpass.

Vaqt o‘tgan sayin ummon suvining ifloslanishi ham tobora xatarli tus olmoqda. Tadqiqotlarga ko‘ra, 1950-yillardan buyon insoniyat 8,3 milliard tonna plastik buyumlar ishlab chiqargan bo‘lib, ularning qariyb 91 foizi qayta ishlanmagan. Har yili faqatgina sohilbo‘yi hududlardan okeanga 4,8 million tonnadan 12,7 million tonnagacha plastik chiqindi tashlanmoqda.

Tabiatni muhofaza qilish mutaxassislarining xavotir ila qayd etishicha, okeanga tushgan plastik chiqindilar yo‘q bo‘lishi uchun ming yillar kerak bo‘ladi.

«Noma’lum sifat: ko‘rinmas suv inqirozi» hisoboti mualliflari yangi ilmiy metodlar vositasida ichimlik suviga bakteriyalar, kimyoviy moddalar kuchli ta’sir ko‘rsatib, obihayotni zaharga aylantirayotganini isbotladilar.

Bu qarangki, suv muammosi nafaqat rivojlanayotgan, balki mutaraqqiy mamlakatlarga ham taalluqlidir.

Hisobotga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida qo‘llanayotgan kimyoviy moddalar, xususan, azot suv tarkibining buzilishi va ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa bolalarning aqliy rivojlanishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Suv ifloslanishi, tabiiyki, hosildorlikni-da kamaytirayotir. Hisob-kitoblarga qaraganda, har yili suv sho‘rlanishi tufayli boy berilgan hosilga 170 million kishini (deylik, butun boshli Bangladesh aholisini) to‘ydirish mumkin bo‘ladi.

Jahon banki hisobotida sayyoramiz davlatlariga vaziyatni yaxshilash uchun ekologik dastur va standartlar ishlab chiqish, suv ifloslanishi darajasini muntazam monitoring qilish, bu borada samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish, tozalash tizimini isloh etish kabi tavsiyalar berilgan. Shu bilan birga, aholiga suv sifati haqida aniq va ishonchli ma’lumot berish muhimligi eslatilgan.

Suv taqchilligi va ifloslanishi O‘zbekiston uchun ham dolzarb muammo sanaladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi 40-50 yilda mamlakatimizda sanoat va qishloq xo‘jaligining jadal rivojlanishi chuchuk yerosti suvlari holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Suv inshootlarining ruxsatsiz qurilishi va suvni nazoratsiz olish oqibatida konlardagi zaxiralar 35 foizga qisqardi, ayrim hududlarda esa zaxiralar tugadi.

Mamlakatimizda suv manbalari sathi ifloslanishi hozirgi sur’atda davom etsa, yaqin o‘n yillarda yerosti chuchuk suvi manbalarining yarmidan ko‘pini yo‘qotish xavfi mavjud.

2040 yilga borib, sayyoramizning 33 davlati suvning o‘ta tanqisligi muammosi bilan to‘qnashadi, deb hisoblaydi Dunyo resurslari instituti (World Resources Institute). Ushbu ro‘yxatda O‘zbekiston ham 29-o‘rinda qayd etilgan.

Mutaxassislar bot-bot ta’kidlayotganidek, yurtimizda ham zudlik bilan suvdan oqilona foydalanish tizimini joriy etish lozim.

Sobir Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring