Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Navoiydan… Tomdigacha. Yoki raqamli texnologiyalar kirmagan eshik qolmaydi

Navoiydan… Tomdigacha. Yoki raqamli texnologiyalar kirmagan eshik qolmaydi

Foto: «Xabar.uz»

Axborot asridamiz. Axborot texnologiyalari deyarli barcha sohalarni egallab bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Yirik sanoat markazlaridan tortib to olis ovullargacha, hatto cho‘pon o‘tovigacha bugun internetning qadami, nafasi yetib borgan.

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini tashkil etish konsepsiyasining ishlab chiqilishi sohada ana shu innovatsion rivojlanish bosqichlarini yanada jadallashtirdi va mustahkamladi deyish mumkin.

Navoiyda ham xuddi ana shunday Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi tashkil etildi. Ushbu markaz «O‘zbekiston pochtasi» AJning Navoiy filialiga tegishli binoga joylashtirildi.

– Hozirgi kunda viloyatimizda 17940 tadbirkorlik sub’yekti faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, shulardan faqatgina 25tasigina dasturiy mahsulotlar ishlab chiquvchi korxonalarga to‘g‘ri keladi, – deydi vazirlikning Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Alisher Narziyev. – Ushbu korxonalar tomonidan 1396 mln. so‘mlik (2018 yil davomida) xizmatlar ko‘rsatilgan. Raqamli texnologiyalar o‘quv markazining asosiy vazifalari sifatida axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar yaratish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash, robototexnika va boshqa yo‘nalishlarda o‘quvchilarni o‘qitish, texnologik va innovatsion tadbirkorlik asoslarini ommalashtirish, biznes-inkubatsiya va istiqbolli startap-loyihalarni moliyalashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Foto: «Xabar.uz»

Bugun Navoiy viloyati aholisining 55,4 foizini o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Ularni axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini berish hamda shu yo‘l bilan daromadini oshirish maqsadida viloyatning barcha (o‘nta) shahar va tumanlarida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini yaratish taklif etilmoqda. Mazkur markazlarni tashkil etishning namunaviy loyihasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, markaz o‘zida kompyuter sinflari, muzokaralar o‘tkazish xonasi, videokonferensaloqa studiyasi hamda markaz ma’muriyati uchun mo‘ljallangan xonalar bilan ta’minlanadi.

Markazlarda yoshlar uchun axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘quv kurslari dasturi ishlab chiqiladi. Jumladan:

  • 9-15 yoshli yoshlar uchun kompyuterdan samarali foydalanish, dasturlash asoslari, kompyuter grafikasi va dizayn, robototexnika kabi o‘quv kurslari;
  • 16-19 yoshli yoshlar uchun kompyuter grafikasi va dizayn, veb dizayn asoslari, dasturlash tillari, tizim va tarmoqlarni boshqarish yo‘nalishlarida o‘quv kurslari;
  • 20-30 yoshli IT-tadbirkorlik sohasida o‘z biznesini tashkil qilmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun IT-tadbirkorlik asoslari va loyihalarni boshqarish, veb va mobil ilovalarni yaratish kabi ixtisoslashgan o‘quv kurslari tashkil qilinishi ko‘zda tutilmoqda.

Markazlar infratuzilmasidan samarali foydalanish, ularga qo‘shimcha moliyalashtirishni jalb qilish maqsadida hokimliklar, davlat va xo‘jalik organlari, tadbirkorlik sub’yektlari va aholi uchun ham axborot texnologiyalari yo‘nalishida kunduzgi va kechki kurslar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bunda davlat va xo‘jalik organlari mutaxassislari «Elektron hokimiyat», «Raqamli iqtisodiyot», «Elektron sog‘liqni saqlash», «Aqlli shahar» va «Aqlli qishloq» kabi yo‘nalishlarda, tadbirkorlik sub’yektlari vakillari va aholi esa «Aqlli qishloq xo‘jaligi», «Elektron tijorat», «Biznesni boshqarish» kabi yo‘nalishlarda o‘qitiladi.

O‘quv markazlarida IT-tadbirkorlikni inkubatsiya hamda venchur moliyalashtirish usullari bilan rag‘batlantirishga erishiladi. Bunda inkubatsiya axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi startap-loyihalarni ishlab chiqish bosqichidan to uni tijoratlashtirish bosqichigacha bo‘lgan jarayonlarda qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.

Venchur moliyalashtirish esa eng istiqbolli startap-loyihalarga moliyaviy resurslarni taqdim etish orqali ularni to‘laqonli kompaniyaga aylantirish, biznesni yanada kengaytirish va foyda olishni nazarda tutadi.

Foto: «Xabar.uz»

Soha mutaxassisining ta’kidlashicha, yetakchi xorijiy mamlakatlarning axborot texnologiyalari va startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ilg‘or tajribalari shuni ko‘rsatmoqdaki, Hindistonda 2019 yilga kelib 7700ga yaqin startap-loyihalar ishga tushirilgan va mazkur loyihalarni moliyalashtirish hajmi 1,6 mlrd. AQSh dollarini tashkil etgan. Shuningdek 210ta biznes-inkubator hamda tadbirkorlar uchun 500ta axborot texnologiyalari laboratoriyalari o‘z faoliyatlarini yuritmoqda. Shu bilan birga, Isroilda har yili 1000dan ortiq texnologik startap-loyihalar ishga tushirilib, 300ga yaqin o‘qitish va ishlab chiqarish IT-markazlari va 260ta axborot texnologiyalari yo‘nalishida venchur kompaniyalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini mahalliy davlat hokimiyati organlarida zamonaviy talablarga mos elektron hukumat doirasidagi axborot tizimlari, davlat korxonalari va xususiy sektorda esa ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish kabi ixtisoslashtirilgan axborot tizimlarini yaratish bo‘yicha buyurtmalar bilan ta’minlash rejalashtirilyapti. Bu esa, o‘z navbatida, markazlar faoliyatini yanada rivojlantirish, ularni qo‘shimcha moliyalashtirish hamda IT-tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga zamin yaratadi.

Axborot asrining yana bir yutug‘i navoiyliklarni benihoya xursand qildi.

Marusa Hosilova,
«Xabar»ning Navoiy viloyatidagi muxbiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring