Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentlar yetishib chiqadigan dargoh. Dunyodagi eng qudratli siyosiy idora faoliyatiga nazar

Prezidentlar yetishib chiqadigan dargoh. Dunyodagi eng qudratli siyosiy idora faoliyatiga nazar

AQSh tashqi siyosat mahkamasi – Davlat departamenti tashkil etilganiga roppa-rosa 230 yil bo‘ldi. Mamlakatning birinchi prezidenti Jorj Vashington 1789-yil 27-iyulda ilk federal muassasa – Tashqi ishlar departamentiga asos soldi. Oradan biroz muddat o‘tib, muassasa nomi Davlat departamenti deya o‘zgartirildi. Dastlab bir necha o‘n chog‘li xodim faoliyat yuritgan mahkama yillar mobaynida kengayib, 75 ming kishini ish bilan ta’minlovchi ulkan tuzilmaga, sayyoramizning eng qudratli idorasiga aylandi.  

O‘n beshi yorug‘, o‘n beshi qorong‘i

Davlat departamentini boshqa mamlakatlar tashqi ishlar vazirligi bilan muqoyasa qilish mumkin. Ammo departament oddiy vazirlik ko‘ra kattaroq vakolatlarga ega. Departament rahbari – davlat kotibi mamlakat ijroiya hokimiyatida birinchi raqamli mansabdor sanaladi. Qo‘shma Shtatlar qonunchiligiga ko‘ra, prezident o‘z vazifasini bajara olmay qolgan taqdirda uning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan mansabdorlar ro‘yxati tuzilgan. Ushbu ro‘yxatda davlat kotibi vitse-prezident, vakillari palatasi hamda senat raislaridan keyin to‘rtinchi o‘rinda qayd etilgan.

AQSh davlat kotibi hali Yaqin Sharqda, hali Lotin Amerikasida, hali Janubi-sharqiy Osiyoda nizolarga qozilik qilayotganini ko‘ramiz. Darhaqiqat, u butun dunyoda mamlakat tashqi siyosatining yuzi sanaladi.

AQSh jahonning yuzlab mamlakatida diplomatik vakolatxonalarga ega. Ular faoliyatiga aynan departament boshchilik qiladi. Bundan tashqari, viza, immigratsiya masalalari, xorijiy davlatlarga yordam dasturlari ham departament zimmasida. Tashqi siyosat mahkamasi diplomatik masalalardan tashqari yadro kontrabandasi, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash, gumanitar inqirozlarni bartaraf etish bilan shug‘ullanadi.

Vashington demokrtik qadriyatlarni targ‘ib etish va himoya qilish borasida qizg‘in faoliyat olib borishi ma’lum. Xususan, departametning demokratiya, inson huquqlari va mehnat byurosi har yili 196 mamlakatdagi inson huquqlari holati haqida qariyb 5000 sahifali hisobot e’lon qiladi. Qolaversa, kongressga dunyodagi diniy erkinlik holati yuzasidan yillik hisobot taqdim etadi.

O‘tgan XX asr Davlat departamenti uchun yutuq va yutqiziqlarga boy yuzyillik bo‘ldi. AQSh Ikkinchi jahon urushidan keyin  BMT asoschilaridan biri, Xavfsizlik kengashi doimiy a’zosi sifatida  nafaqat mazkur xalqaro tuzilma, global tartib-qoidalarini ishlab chiqishda faol ishtirok etdi.

Davlat departamenti vakillari Koreya yarimoroli, Vetnam, Yaqin Sharq, Bolqon, Lotin Amerikasidagi ziddiyatlarni hal etishda qatnashib, goh olqish oldi, gohida esa tanqidlarga ko‘mildi...

Mustaqillik otalari boshlab bergan an’ana

Prezident Jorj Vashington 1789 yili tashqi siyosat mahkamasiga asos solar ekan, unga yaqin safdoshi va masladoshi Tomas Jeffersonni rahbar qilib tayinlaydi. Mustaqillik deklaratsiyasi muallifi va Qo‘shma Shtatlar davlatchiligi otalarida biri sanalgan T.Jefferson ilk davlat kotibi sifatida mamlakat tashqi siyosati va diplomatiya tartib-taomillarini ishlab chiqishda jonbozlik ko‘rsatdi.

O‘tgan yillar davomida departamentga kazo-kazo zotlar rahbarlik qildi. Dastlab davlat kotibi lavozimida faoliyat yuritgan Tomas Jefferson, Jeyms Medison, Jeyms Monro kabi arboblar keyinroq AQSh prezidentligiga saylandi.

Diplomatlik faoliyati uzoq yillar davomida asosan erkaklar kasb-kori deb baholangani ma’lum. Ammo bizning davrimizga kelib ushbu qarash tahrirga uchradi. Yaqin tarix mobaynida AQSh davlat kotibi lavozimida Madlen Olbrayt (1997-2001), Kondoliza Rays (2005-2009), Hillari Klinton (2009-2013) kabi ayol arboblar faoliyat yuritgani fikrimiz dalilidir.

Davlat departamentiga  2018-yil 26-apreldan buyon Mayk Pompeo rahbarlik qilib kelmoqda. Mamlakatning yetmishinchi davlat kotibi harb maydonlariga askar yuborish siyosatidan voz kechib, ziddiyatlarni muzokaralar yo‘li bilan hal etishni bosh maqsadi deb e’lon qilgan.

Emas oson bu maydon ichra turmoq

Tashqi siyosat mahkamasini majoziy ma’noda «davlat ichidagi davlat» deb atash mumkin. Idora bir yilda o‘nlab rivojlanayotgan mamlakat daromadidan ko‘proq mablag‘ sarflaydi. 2015-yilda Davlat departamenti budjeti qariyb 66 milliard dollarni tashkil etgan.

Dunyo bo‘ylab AQShni tamsil etish, uning manfaatini himoya qilish katta obro‘ ekaniga shubha yo‘q. Ayni choqda, ushbu faoliyat xiyla xatarli hamdir.

1979-yili AQSh diplomatiyasi tarixida yirik inqiroz ro‘y berdi. 4 noyabrda eronlik talabalar Tehrondagi AQSh elchixonasi binosini egallab, u yerdagi diplomatlarni garovga oldi. Diplomatlar 444 kundan keyin, mashaqqatli muzokaralardan keyingina garovdan ozod qilindi.

1979-yilda AQShning Afg‘onistondagi elchi Adolf Dabs xizmat vazifasini bajarish chog‘i o‘ldirildi.

2012-yil 11-sentyabrda AQShning Liviyadagi elchi Kristofer Stivens Beng‘ozidagi Amerika elchixonasiga uyushtirilgan hujumda halok bo‘ldi…

Balandparvoz gap bo‘lib tuyulsa-da, diplomatlikni mashaqqatli, ayni choqda, sharafli faoliyat deb atash mumkin. Qanchalik xatarli bo‘lmasin, amerikalik yuz minglab yoshlar ushbu idorada ishlashni orzu qiladi. Business Week nashri Davlat departamentini eng talabgir, «bozori chaqqon» idoralar ro‘yxatiga kiritgan.

AQSh tashqi siyosatining buzruklaridan biri Zbignev Bjezinskiy mashhur «Buyuk shaxmat taxtasi» kitobida «Dunyodagi biror davlat harbiy, iqtisodiy, texnologik va madaniy jabhalarda Amerikaga tenglasha olmaydi», deb yozgan edi. Davlat departamenti 230 yillik faoliyati davomida beshinchi jabha – tashqi siyosat va diplomatiya borasida ham mamlakatni peshqadamlik qilishga intilib kelmoqda. Bunga nechog‘li erishilgani – alohida mavzu...

Sobir Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring