Qirg‘iziston prezidentining O‘zbekistonga tashrifi kutilyapti
Yaqin kelajakda Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga davlat tashrifi rejalashtirilgan.
Bu haqda kecha, 13-iyun kuni Bishkekdagi Qirg‘iziston-O‘zbekiston biznes-forumining ochilishida mamlakat Iqtisodiyot va savdo vaziri o‘rinbosari Sanjar Bolotov ma’lum qildi.
Rasmiyning bildirishicha, ikki davlat prezidentlarining bo‘lajak uchrashuvi mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash, qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ladi.
«Bugun biz Qirg‘iziston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash istiqbollari va imkoniyatlarini muhokama qildik. Sizning faolligingiz va hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishingiz umumiy muvaffaqiyatimiz garovidir», – dedi vazir o‘rinbosari.
Shuningdek, u yaqinda, 2-3 may kunlari ikki davlat bosh vazirlari raisligida hukumatlararo komissiyaning 11-majlisi bo‘lib o‘tganini eslatdi.
«Ushbu uchrashuvda munosabatlarimizni rivojlantirish borasida erishilgan yutuqlar, unda qabul qilingan qarorlar qo‘shma hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Biz turli sohalarda salmoqli yutuqlarni ko‘ryapmiz va bu forum oldimizga qo‘ygan ulkan maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi yana bir qadam bo‘ldi», – dedi Bolotov.
Bundan tashqari, vazir o‘rinbosari Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekistonda Savdo vakolatxonasi ochilgani ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim yutuq ekanini ta’kidladi. Mazkur vakolatxona qo‘shma tovar va xizmatlarni ilgari surish, ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishda muhim rol o‘ynaydi.
«Prezidentlarimiz oldimizga mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard AQSh dollariga yetkazish vazifasini qo‘ygan. Bu ambitsiyali, ammo erishish mumkin bo‘lgan maqsad. Bu maqsadga erishish uchun biz birgalikda harakat qilishimiz, barcha mavjud vosita va mexanizmlardan foydalanishimiz kerak. Ishonchim komilki, biz birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan nafaqat erishamiz, balki bu ko‘rsatkichdan ham oshib ketamiz», - dedi Sanjar Bolotov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter