Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh elchisi «oddiy, ammo inqilobiy g‘oya» haqida gapirdi

AQSh elchisi «oddiy, ammo inqilobiy g‘oya» haqida gapirdi

AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik iqtisodiy o‘sish va tabiatni asrash o‘rtasida muvozanatni topish muhimligi haqida gapirdi.

Toshkentda AQSh mustaqilligining 248 yilligiga bag‘ishlab tashkil qilingan tadbirda nutq so‘zlagan diplomat atrof-muhitni asrashga oid  amerikacha an’anaga to‘xtaldi.

«Bugungi tadbirimiz bizga sevimli bo‘lgan AQSh milliy bog‘lari mavzusiga bag‘ishlanib, ularning birinchisi bundan 150 yildan ortiq avval tashkil etilgan. Har yili 330 milliondan ortiq amerikalik va chet ellik sayyoh Yosemite, Yellouston, Grand Kanon va boshqa ko‘plab bog‘larimizda muhofaza etiladigan betakror tabiat go‘zalligidan bahramand bo‘ladi. Darhaqiqat, yoz oylarida oilangiz bilan mashinada milliy bog‘larni ziyorat qilish maqsadida safarga otlanishdan ham ortiqroq amerikacha an’ana mavjud emas», – deydi AQSh elchisi.

Ta’kidlanishicha, oddiy, ammo inqilobiy g‘oya bo‘lmaganda, bog‘larni bugunga qadar saqlab qolish ham imkonsiz bo‘lur edi.

«Bu g‘oyaga ko‘ra, ushbu hayratomuz manzalaralar imtiyozlarga ega ozchilik uchun emas, balki hamma uchun birday tegishli bo‘lgan xazinadir. Prezident Franklin Ruzvelt mazkur g‘oyaga mana bunday ajoyib ta’rif bergan edi: «Bizning milliy bog‘larimizdan ham ortiqroq amerikacha hech narsa yo‘q... Milliy bog‘lar ortidagi asosiy g‘oya shuki, mamlakat xalqqa tegishlidir». Albatta, bu bog‘larni barpo etish oson bo‘lmadi. Ekologlar va tabiatni muhofaza qiluvchilar yog‘och, tog‘-kon sanoati, energetika va boshqa manfaatdorlar bilan bahslashdilar va oxir-oqibat g‘alaba qozondilar», – dedi diplomat.

Ushbu qadriyat zamirida yer ham xuddi erkinlik kabi qadrlanishi, himoya qilinishi va hamma uchun ochiq bo‘lishi kerak degan g‘oya yotadi. Ya’ni qo‘riqxonalar tabiat mo‘’jizalarini saqlab qolmay, demokratiyaning ham o‘ziga xos ramzi sanaladi.

AQSh elchisi ayni paytda O‘zbekistonda ham tabiatni asrash harakati faollashayotganiga e’tibor qaratdi.

«O‘zbekiston vatandoshlari bog‘larni ko‘paytirish hamda o‘zlari nafas olayotgan havo va ichadigan suvni muhofaza qilishni targ‘ib qilmoqda. Iqtisodiy o‘sish va tabiatni asrashga bo‘lgan ehtiyojni muvozanatlash oson emas. Bunda nafaqat hukumat, balki fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari va vatandoshlarning ham faol ishtirok etishi zarur. Gap O‘zbekiston haqida bo‘ladimi yoki Qo‘shma Shtatlar haqida bo‘ladimi, xalqlarimiz o‘z huquqlarini himoya qilish va tegishli siyosatni ishlab chiqishda ishtirok etish erkinligiga ega bo‘lsalar, mamlakatlarimiz yanada kuchliroq va atrof-muhitimiz yanada xavfsizroq bo‘lishi aniq», – deya xulosa qildi elchi Jonatan Henik.

«Ukraina, Isroil va G‘azodagi begunoh erkaklar, ayollar va bolalarga nisbatan qo‘llanayotgan terrorizm va zo‘ravonlikka chek qo‘yilishi zarur”ligini ta’kidlagan diplomat «demokratiyaning o‘zi kabi parvarish etilishi, himoya qilinishi va asrab-avaylanishi kerak bo‘lgan bog‘lar»dan ilhom olishga chaqirgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring