Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Navbatdagi yig‘ilish: davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi tanqid ostiga olindi

Navbatdagi yig‘ilish: davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi tanqid ostiga olindi

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 4-aprel kuni aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish borasidagi ishlarni tahlil qilish va eng muhim vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda sohadagi muammolar tanqidiy tahlil qilinib, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa tegishli idoralarga davlat xizmatlari bo‘yicha elektron axborot tizimi va elektron ma’lumotlar bazasini yaratish, barcha davlat xizmatlari markazlarini optik tolali internetga ulash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatish qamrovi va sifati aholining axborot texnologiyalaridan foydalanish malakasiga ham bog‘liq. Shu bois jismoniy va yuridik shaxslarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, hujjatlarni elektron tarzda taqdim etish va olishga o‘rgatish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirkorlarga qulayliklarni yanada oshirish, litsenziyalar va ruxsat berish tartib-qoidalarini keskin qisqartirish va soddalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Xususan, barcha ruxsatnoma va litsenziyalarni elektron tizim orqali taqdim etish imkonini beradigan «Litsenziya» axborot kompleksini to‘liq ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda sohaga mas’ul rahbarlarning hisobotlari eshitildi. Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring