Harbiy prokuratura Prezidentga hisobot berdi
Shavkat Mirziyoyev Harbiy prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar hisoboti bilan tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi Qurolli Kuchlarda va harbiy tuzilmalarda qonunlarga rioya etilishini nazorat qiladi. Mazkur organ tomonidan mamlakatimiz suverenitetini mustahkamlash, mudofaa salohiyatini oshirish, harbiy xizmatchilarning va oila a’zolarining huquqlarini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Ta’kidlanishicha, 2022-yilda 1 ming 100 ga yaqin prokuror nazorati hujjati qo‘llanilib, 261 ta hujjat qonunga muvofiqlashtirilgan. 7 ming 858 nafar shaxsning huquqi tiklangan. 654 nafar harbiy xizmatchining oila a’zolari ish bilan ta’minlangan.
Qurolli Kuchlarda qurilish dasturiga kiritilgan ob’yektlarning loyiha-smeta hujjatlari nazorat tartibida ko‘rib chiqilib, 23 milliard so‘mdan ziyod budjet mablag‘lari iqtisod qilingan. Harbiy prokuror protestlariga asosan sudlarning 10 ta qarori qonunga muvofiqlashtirilib, 6 nafar shaxs oqlangan.
Fuqarolarning 2 mingga yaqin murojaatlari ko‘rib chiqilib, 254 tasi qanoatlantirilgan. Shuningdek, sayyor qabullarda 3 ming 200 nafar shaxs qabul qilinib, aniqlangan muammolarini hal etish choralari ko‘rilgan.
Prezident Harbiy prokuratura faoliyatini raqamlashtirish, inson manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter