Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ikki davlat hukumat rahbarlari chegaradagi voqeani muhokama qilishdi

Ikki davlat hukumat rahbarlari chegaradagi voqeani muhokama qilishdi

Abdulla Aripov va Sapar Isakov (arxiv)

Foto: «Gov.kg»

Bugun, 8-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Sapar Isakov o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Hukumat rahbarlari kecha, 7-aprel kuni o‘zbek-qirg‘iz chegarasida Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi M.F.M. (1984 yilda tug‘ilgan) o‘limi bilan yakunlangan voqeani muhokama qilishdi, deyiladi hukumat portali xabarida.

Tomonlar ertaga, 9-aprel kuni ikki davlat chegara xizmatlari rahbarlari va boshqa tegishli idoralar vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazilishiga kelishib oldilar.

Qayd etilishicha, hamkorlikdagi ishchi guruh voqea yuzasidan tekshiruv o‘tkazib, yaqin vaqtlar ichida natijasi haqida hisobot beriladi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 7-aprel kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida qirg‘iz fuqarosi F.M. o‘zbekistonlik chegarachilar tomonidan otib qo‘yilgani haqida xabar bergan edik.

«Xabar.uz»ga ma’lum qilishlaricha, aslida voqea sal boshqacharoq bo‘lgan. Ya’ni Qirg‘iziston fuqarosi F.M. dastlab O‘zbekiston hududida edi. Chegarachilar uni to‘xtatishga uringan, lekin fuqaro buyruqqa bo‘ysunmagan hamda qochishga tushgan. So‘ng chegarachilar avval havoga o‘q uzgan, yana harakat to‘xtamagach, F.M.ga nisbatan qurolli harakat bo‘lgan.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi 7-aprel kuni o‘zbek-qirg‘iz chegarasida yuz bergan voqea munosabati bilan O‘zbekistonga nota yo‘llagan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring