Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Iroda bo‘lsa, yo‘l ham topiladi» – YeI elchisi O‘zbekiston bilan hamkorlik istiqboli haqida

«Iroda bo‘lsa, yo‘l ham topiladi» – YeI elchisi O‘zbekiston bilan hamkorlik istiqboli haqida

Elchi Sh.Adrian. Foto: YeI delegatsiyasi.

Yevropa Ittifoqi ilgari O‘zbekistonni faqat qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi islohotlar borasida qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, endilikda hamkorlik ufqi ancha kengaydi, deydi YeIning yurtimizdagi elchisi Sharlotta Adrian.

Diplomat Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi hamda Yevropa kuni munosabati bilan tashkil qilingan anjumanda nutq so‘zladi.

«Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonni mustaqillikka erishganidan beri qo‘llab-quvvatlab kelmoqda va bizning sherikligimiz kengayib, chuqurlashib, umumiy tamoyillar va manfaatlarga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlikka aylanib bormoqda. Demokratiya va qonun ustuvorligi, inson huquqlari, samarali boshqaruv, iqtisodiy rivojlanish va mintaqaviy hamkorlik… Biz yashil iqtisodiyotga o‘tish va raqamlashtirishning barcha jihatlari bo‘yicha ham hamkorlik qilamiz», – dedi Sharlotta Adrian xonim.

Tomonlar o‘rtasida iqtisodiy aloqalar tobora mustahkamlanmoqda. 2023-yil 22-noyabr kuni O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi Preferensiyalarning bosh tizimi (GSP+) bo‘yicha benefitsiar maqomi yana to‘rt yilga, ya’ni 2027-yil 31-dekabrga qadar uzaytirildi.

GSP+ tizimi o‘zaro savdo-iqtisodiy robitalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini urg‘ulagan diplomat Bryussel O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligini dastaklashini yana bir bor ta’kidladi.

Tadbirda O‘zbekiston prezidentining yordamchisi S.Mirziyoyeva va bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov qatnashdi. Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva.

«Biz O‘zbekistonning JSTga kirishini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiramiz. Ctandartlarga moslashishdagi ulkan sa’y-harakatlarni ko‘rmoqdamiz. Buning uchun vaqt kerakligini bilamiz, ayni choqda, «Iroda bo‘lsa, yo‘l topiladi» degan naqlga ishonamiz. Biz shu tarzda qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», – dedi notiq.

Jumladan, Global Gateway mamlakatlar, bozorlar va eng muhimi, odamlar o‘rtasida yanada mustahkam va barqaror rivojlanishga sarmoya kiritish uchun ishga tushirildi. Transkaspiy transport koridori, shuningdek, «Digital Team Europe» tashabbusi ko‘proq mintaqaviy hamkorlik uchun imkoniyatlar yaratish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlardir.

Joriy yil 5-aprel kuni YeI va O‘zbekiston o‘rtasida juda ham muhim bo‘lgan xomashyo (CRM) sohasida barqaror narx-navo zanjirini rivojlantirishga qaratilgan Anglashuv bayonnomasi imzolandi.

Elchiga ko‘ra, bu O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, Yevropa xususiy sarmoyalarini ko‘paytirish, qo‘shimcha qiymat va ish o‘rinlarini yaratish uchun aloqalarni chuqurlashtirishga bo‘lgan birgalikdagi intilishning yana bir belgisidir.

Diplomat Yevropa kuni munosabati bilan Toshkentda so‘nggi bor nutq so‘zlayotganini ta’kidlab, hukumat, parlament, fuqarolik jamiyati vakillari va barcha hamkorlarga samimiy minnatdorlik bildirdi.

«Siz barchangiz mening bu yerda bo‘lishimni shiddatli, dinamik va nihoyatda qiziqarli qildingiz va men uning har bir daqiqasidan zavq oldim. O‘zbek xalqiga mehmondo‘stligi, do‘stona munosabati, hazilkashligi va ochiq qalbi uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Qadimgi o‘zbek maqolida shunday deyilgan: «Ko‘ngli ochiqning qo‘li ochiq, qo‘li ochiqning yo‘li ochiq». Ushbu ajoyib mamlakatdaligim davomida bu yondashuv va munosabat meni to‘laqonli qamrab oldi», – dedi YeI elchisi Sharlotta Adrian minnatdorlik bilan.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring