Shavkat Mirziyoyev Jizzax aviatsiya bilim yurti Qashqadaryoga ko‘chirilishini ma’lum qildi

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida shu yilning 28—29-yanvar kunlari Qashqadaryo viloyatiga borgan edi.
Viloyatga tashrifi chog‘ida davlat rahbari Qarshi tumanidagi Xonobod harbiy aerodromiga tashrif buyurdi. Uchuvchilar bilan muloqot qildi. Shavkat Mirziyoyev harbiylar bilan uchrashuvda 1994-yilda asos solingan Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti Qashqadaryoga ko‘chirilishi haqida ma’lum qilgan. Bu haqda O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturida xabar qilindi.
«Bizning bitta yagona vazifamiz — odamlarning, xalqning ertangi kunga ishonchini oshirish va biz o‘z yo‘limizdan qaytmaymiz. Mana shu yo‘nalishda har kuni, har soatda ishlashda davom etamiz», — deya Prezident so‘zlaridan iqtibos keltirildi teledasturda.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev shu yilning 11-yanvarida bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisidagi ma’ruzasida bundan buyon qaysi hududga xizmat safariga boradigan bo‘lsa, birinchi kuni joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar qanday borayotgani bilan tanishishini, ikkinchi kuni esa, shu hududdagi harbiy-ma’muriy sektorlardagi ahvolni har tomonlama o‘rganib chiqishini ma’lum qilgan, hokimlar, okrug qo‘mondonlari va boshqa tegishli mutasaddi rahbarlar buni albatta e’tiborga olishi lozimligini ta’kidlagan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter