Mahalliy Kengashlar: vakolat, resurs va javobgarlik bir nuqtada birlashadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga navbatdagi Murojaatnomasi davlat siyosatida mahalliy darajaning o‘rni qanchalik muhim ekanini yana bir bor aniq ko‘rsatdi.
Murojaatnomada ilgari surilgan g‘oyalar, vazifalar va aniq raqamlar mahalliy Kengashlar so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarning markaziy bo‘g‘iniga aylanganini tasdiqlaydi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida islohotlar natijasi avvalo mahallada, har bir xonadon hayotida sezilishi kerakligini ta’kidladi. Bu yondashuv mahalliy Kengashlar faoliyatining mazmunini tubdan o‘zgartirdi. Endi mahalliy darajada qabul qilinayotgan qarorlar davlat siyosatining amaliy ifodasi sifatida qaralmoqda. Yo‘l, suv, elektr ta’minoti, maktab va poliklinikadagi sharoit — bularning barchasi islohotlarga berilayotgan eng xolis bahodir.
Murojaatnomada konstitutsiyaviy islohotlar doirasida mahalliy boshqaruv tizimida amalga oshirilgan muhim o‘zgarishlarga alohida urg‘u berildi. Xususan, viloyat hokimlari va kengashlar raislari lavozimlarining ajratilgani davlat hokimiyati tarmoqlari o‘rtasida muvozanatni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Davlat rahbari 2026 yildan boshlab ushbu tizim 208 ta tuman va shaharda ham to‘liq joriy etilishini e’lon qildi. Bu mahalliy Kengashlarning institutsional mustaqilligini yanada mustahkamlaydi.
Prezident Murojaatnomasida deputatlar faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Deputat so‘rovlarining ijrosi har chorakda tahlil qilinishi, ushbu jarayonga qat’iy institutsional yondashuv joriy etilishi mahalliy Kengashlarning nazorat funksiyasi yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi. Bu esa mahalliy vakillik organlarining davlat boshqaruvidagi rolini yanada oshiradi.
Murojaatnomada 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi mahalliy boshqaruvga berilgan yuksak siyosiy baho sifatida qabul qilinmoqda. Davlat rahbari mahalla tinch bo‘lsa, jamiyat tinch bo‘lishini, mahalla rivojlansa, butun mamlakat yuksalishini alohida qayd etdi. Bu fikr mahalliy Kengashlar faoliyatining falsafiy va amaliy asosini belgilab bermoqda.
Murojaatnomada belgilangan ustuvor vazifalar mahalliy Kengashlar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Mahalliy budjetlarning mustaqilligi oshirilishi, tuman va shahar darajasida moliyaviy manbalarni kengaytirish, loyihaviy yondashuvni joriy etish — bularning barchasi mahalliy Kengashlarni hududiy taraqqiyotning asosiy drayveriga aylantirishga qaratilgan.
Umuman olganda, Prezident Murojaatnomasi mahalliy Kengashlar sohasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar, PF–28 va PF–98-son Farmonlarda belgilangan vazifalarning mantiqiy davomi ekanini yaqqol ko‘rsatdi.
Murojaatnoma mahalliy Kengashlar sohasida olib borilayotgan islohotlarning aniq manzili borligini ko‘rsatdi. Ushbu islohotlar tizimni o‘zgartirish uchun emas, balki inson hayotini yaxshilash uchun qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Prezident tashabbusi bilan mahalliy Kengashlar faoliyatida joriy etilayotgan o‘zgarishlar bir qator ijobiy natijalarni beradi.
Avvalo, qaror qabul qilish jarayoni aholiga yaqinlashadi.
Kengashlar hudud muammosini markazga chiqarmasdan, o‘z joyida hal qilish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa vaqtni tejaydi, mas’uliyatni aniqlashtiradi, natijani tezlashtiradi.
Ikkinchidan, deputatning roli mazmunan o‘zgaradi. Murojaatnomada belgilangan moliyaviy va tashkiliy mexanizmlar deputatni faqat vakil emas, balki tashabbuskor va amaliy ijrochi sifatida shakllantiradi. Okrug darajasida yo‘l, obodonlashtirish, yashil hududlar bo‘yicha aniq loyihalar paydo bo‘ladi. Bu deputat faoliyatini aholi ko‘z o‘ngida yanada namoyon qiladi.
Uchinchidan, mahalliy budjetlar samaradorligi oshadi. Kengashlar ishtirokida mablag‘lar hudud ehtiyojiga qarab yo‘naltiriladi. Bu resurslarni maqsadli ishlatishga xizmat qiladi.
To‘rtinchidan, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonch mustahkamlanadi. Prezident ta’kidlaganidek, islohotlarga eng xolis baho mahallada beriladi. Agar mahallada o‘zgarish bo‘lsa, odamlar davlat siyosatini his qiladi. Bu ishonchni oshirib, faollikni kuchaytiradi.
Beshinchidan, mahalliy boshqaruv tizimi barqaror rivojlanish yo‘liga o‘tadi. Vakolat, resurs va javobgarlik bir nuqtada jamlanishi mahalliy Kengashlarni real siyosiy institut sifatida mustahkamlaydi. Bu tizim uzoq muddatli rivojlanish uchun asos yaratadi.
Shu ma’noda, Prezident Murojaatnomasi mahalliy Kengashlar uchun dasturiy hujjat vazifasini o‘taydi. U konstitutsiyaviy islohotlar va Prezident farmonlarida belgilangan vazifalarni amaliy mazmun bilan to‘ldirdi. Eng muhimi, islohotlar markaziga inson, mahalla va hudud qo‘yildi.
Mahalliy Kengashlar endilikda davlat siyosati natijasini ko‘rsatib beruvchi asosiy maydonga aylanmoqda. Bu jarayon Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim tayanchlaridan biri sifatida o‘z samarasini beradi.
Muhammadjon Jo‘rayev,
Demokratik jarayonlarni tahlil
qilish markazi bo‘lim boshlig‘i


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter