Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tezkor: Rossiya elchisi O‘zbekiston TIVga chaqirildi

Tezkor: Rossiya elchisi O‘zbekiston TIVga chaqirildi

Zaxar Prilepinning provokatsion bayonoti sabab Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchisi Oleg Malginov Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Bu haqda TIV xabar berdi. 

«2023-yil 21-dekabr kuni Tashqi ishlar vazirligiga Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi O.Malginov taklif etildi. Uchrashuv davomida Rossiya vakiliga «Rossiya segodnya» matbuot-markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda «Spravedlivaya Rossiya – za pravdu» partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning O‘zbekiston hududini Rossiyaga qo‘shib olish zarurligi haqidagi taklifi mamlakatimizda chuqur tashvish hissi bilan qabul qilingani qat’iy tarzda yetkazildi.

Rossiya Federatsiyasi partiya rahbarlarining bunday o‘ylamay bildirayotgan munosabatlari, afsuski, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhiga mos kelmasligi ma’lum qilindi. 

Rossiya ommaviy axborot vositalarida keng tarqalgan bu kabi bayonotlar ataylab provokatsion ruhda bo‘lib, xalqlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

O‘z navbatida, O.Malginov to‘liq mas’uliyat bilan Z.Prilepinning bayonotlari Rossiya Federatsiyasi rahbariyatining do‘st va mustaqil O‘zbekiston to‘g‘risidagi rasmiy pozitsiyasiga umuman aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi vakili sifatida Elchi «O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi uning mamlakatida hech qachon shubhaga olinmagan»ligini ta’kidladi», deyiladi rasmiy xabarda.

Oleg Malginov, shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi yaqin vaqt ichida ushbu hodisa bo‘yicha izoh berishni rejalashtirayotganini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sobiq deputat Rasul Kusherbayev Prilepinning bayonotiga keskin munosabat bildirgandi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring