Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vladimir Norov Jozep Borrel bilan muzokara o‘tkazdi. Xo‘sh?

Vladimir Norov Jozep Borrel bilan muzokara o‘tkazdi. Xo‘sh?

Foto: TIV matbuot xizmati.

6-sentyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel bilan uchrashdi.

Muloqotda O‘zbekiston-Yevropa hamkorligining dolzarb masalalari, ularni yanada faollashtirish va amaliy mazmun bilan boyitish masalalari muhokama qilindi.

Siyosiy, huquqiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnikaviy, ayniqsa, ikki tomonlama va mintaqalararo hamkorlikning institutsional mexanizmlaridan samarali foydalanish orqali o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Tomonlar shu yilning 6-iyulida Bryusselda rasmiy imzolashdan oldin rozilik bildirilgan (parafirlangan) Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralar jarayoni muvaffaqiyatli yakunlanganini olqishladilar.

Yevropa tomoni O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, mintaqada do‘stlik hamda yaxshi qo‘shnichilik muhitini shakllantirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlarga puxta va sifatli tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Yevropa diplomatiyasi rahbari joriy yilning 17-18-noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» vazirlar uchrashuvida, shuningdek, «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» o‘zaro bog‘liqlik: Barqaror rivojlanish uchun global darvoza» konferensiyasida shaxsan ishtirok etishga tayyorligini tasdiqladi, deyiladi TIV xabarida.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring