FIFA The Best mukofotlarini topshirdi
Qatar poytaxti Dohada FIFA The Best mukofotlarini topshirish marosimini o‘tkazdi.
Usmon Dembele (Fransiya milliy jamoasi va «PSJ» yarimhimoyachisi) 2025-yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bungacha unga France Football nashri «Oltin to‘p» mukofotini topshirgandi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsumda «PSJ» Fransiya chempionati, Kubogi, Superkubogi, Chempionlar Ligasi va UYeFA Superkubogida g‘alaba qozondi, Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Eng yaxshi murabbiy nominatsiyasida Luis Enrike («PSJ») g‘olib bo‘ldi.
Janluiji Donnarumma («PSJ»/«Manchester Siti» va Italiya) yilning eng yaxshi darvozaboni nominatsiyasini qo‘lga kiritdi.
Tarixda ilk bor Yevropa Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan «PSJ»ning 5 futbolchisi FIFAning 2025-yilgi ramziy terma jamoasiga kiritildi.
Yil jamoasi: Janluiji Donnarumma («PSJ»/«Manchester Siti»), Ashraf Hakimi, Villian Pacho (ikkalasi ham «PSJ»), Virjil van Deyk («Liverpul»), Nunu Mendesh («PSJ»), Koul Palmer («Chelsi»), Jud Bellingem («Real»), Vitinya («PSJ»), Pedri, Lamin Yamal (ikkalasi ham «Barselona»), Usmon Dembele («PSJ»).
Argentinalik Santyago Montiel o‘tgan mavsumning eng chiroyli goli muallifi deb topilib, unga Pushkash mukofoti topshirildi.
The Best mukofoti g‘oliblarini tanlashda 2024-yil 11-avgustdan 2025-yil 2-avgustgacha bo‘lgan davrdagi o‘yinlar hisobga olingan. G‘oliblar terma jamoa sardorlari va murabbiylari, muxlislar va OAV vakillari tomonidan ovoz berish yo‘li bilan aniqlandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter