Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ҳайдалиш куйини чалинг...» Футболдан бир умрга четлатилганлар ҳақида

«Ҳайдалиш куйини чалинг...» Футболдан бир умрга четлатилганлар ҳақида

Yaqinda O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayan futbolga bog‘liq har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishdan bir umrga chetlatildi. Bu xabar mahalliy va xorijiy OAV tomonidan turlicha kutib olindi. «Xabar.uz» axborot-tahliliy portalida ham bu haqda yetarlicha ma’lumot berildi.

«Xabar.uz» dunyo futbolidagi bir umrlik chetlatishlar haqida hikoya qiladi.

Birinchi va oxirgi marta

2011-yil iyun oyida janubiy koreyalik o‘n futbolchi kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etgani uchun futboldan bir umrga chetlatildi.  Ularning 8 nafari «Dejon Sitizen» klubida faoliyat yuritar edi. Koreya ligasi intizom qo‘mitasining rahbari Kvak Yun-Chol OAVga bergan intervyusida kelishilgan o‘yinlar bilan bog‘liq ushbu holat mamlakat futbolidagi birinchi va oxirgisi bo‘lishiga umid qilayotganini bildirdi.

 Bor yo‘g‘i 20 dollar uchun-a...

Malavilik to‘rt hakam 20 dollardan pora evaziga «Nchalo Yunayted» va «Chitipa Yunayted» uchrashuvida birinchi jamoaga yon bosib, bahs natijasiga ta’sir ko‘rsatishlari kerak edi. Lekin hakamlar o‘zlariga yuklatilgan vazifani uddalay olishmadi: «Nchalo Yunayted» penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘ldi. Klub hakamlardan pulni qaytarishni talab qildi. Ular esa 15 dollarni qaytara olishdi, klub rahbariyati g‘azablanib, hukumatga murojaat qildi...

Janob Binga o‘xshasa yomonmi?

2013-yilning oxirlarida Ruminiya futbol federatsiyasi terma jamoa a’zosi Adrian Mutuni milliy terma jamoa libosida maydonga tushishdan bir umrga mahrum qildi.

Foto: «Sports.ru»

O‘shanda hujumchi o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga kulgu ustasi janob Bin qiyofasida tasvirlagan milliy terma jamoa bosh murabbiyi Viktor Pitsurening kollajini joylashtirib, uning ustidan kulgan edi.

 Suriyalik bo‘lish osonmas

Bu voqea o‘tgan yili sodir bo‘lgan edi. Asli Braziliyada tug‘ilgan 29 yoshli Serjino soxta pasportdan foydalangani aniqlandi. Tekshiruv natijasida uning Suriya fuqarosi sifatida olgan pasporti soxta bo‘lib chiqdi. Braziliyalik yarim himoyachi ushbu qilmishi uchun 30 mln. von (22 ming yevro) jarima to‘lab, Janubiy Koreya futbolidan bir umrga chetlatildi.

Mushtumzo‘r hakam

2013-yili futbol laynsmeni Muso Qodirov Permning «Amkar» klubi yoshlar jamoasining himoyachisi Ilya Kichmarni urgani uchun Janubiy va Shimoliy Kavkaz futbol federatsiyalari uyushmasi tomonidan butun umrga hakamlik faoliyatidan chetlatildi.

Ma’lum bo‘lishicha, «Amkar» himoyachisi o‘yin davomida yon hakamni bir necha bor so‘kkan, laynsmen esa bu haqda bosh hakamga xabar bermagan. Imkoniyat bo‘lganida esa o‘zi orani ochiq qilishga uringan. Avvallari faqatgina respublika miqyosidagi o‘yinlarni boshqarish huquqi berilgan laynsmen endi o‘zini boshqa kasbda sinab ko‘rishga majbur.

 Xavfsizlik xizmatining aralashuvi bilan

To‘rt yilcha oldin Ukraina futbol federatsiyasi Donetsk xalq respublikasi chempionatida to‘p tepgan 18 futbolchini sohaga bog‘liq har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishdan chetlatdi.

Ularning bunday qarorga kelishiga Ukraina xavfsizlik xizmatining murojaati sabab bo‘lgan. Ma’lumot uchun: o‘sha paytda Donetsk xalq respublikasida 8 klubni birlashtirgan, mamlakat chempionati va kubogini o‘tkazadigan futbol uyushmasi mavjud edi.

 «Ko‘tarma»ni ko‘tarolmadi

Tojikiston futbol federatsiyasi tartib-intizom qo‘mitasining 2016-yil 13-iyuldagi yig‘ilishida «Xo‘jand» klubi ijrochi direktori Akbar Ibrohimov bir umrga futboldan chetlatildi. Bunga sabab shuki, Ibrohimov «Xo‘jand» futbolchilariga ko‘tarma puli bergan, bu esa reglamentga ko‘ra taqiqlanadi.

Avvaliga o‘z yurtida, keyin Osiyoda

2015-yilning may oyida Osiyo futbol konfederatsiyasi kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etgani uchun 9 nafar vetnamlik futbolchini bir umrga futbolga bog‘liq faoliyatdan chetlatdi. Bu futbolchilar «Vassai Ninbin» jamoasi a’zolari bo‘lib, ular 2014-yilning dekabr oyida Vetnam futbol federatsiyasi tomonidan bir umrga futboldan chetlatilgan edi.

«Natsist futbolchi»

Foto: «Championat»

AYeK yarim himoyachisi Giorgos Katidis 2013-yilda Gretsiya futbol federatsiyasi tomonidan barcha yosh toifasidagi terma jamoalarda o‘ynashdan butun umrga chetlatildi. U «Veriya» jamoasiga qarshi o‘yinda golni nishonlash uchun natsistlarning salomlashishiga o‘xshash harakat bilan o‘ng qo‘lini tepaga ko‘targandi. Tomoshabinlar bilan bunday salomlashish federatsiya vakillari tomonidan xalqqa nisbatan o‘ta jiddiy haqorat sifatida qabul qilindi. Futbolchining o‘zi esa bunday harakat natsistlarga xosligidan bexabarligini bildirgan.

Blatter va Platini-chi?

2016-yilning yanvarida FIFA tartib-intizom qo‘mitasining tergov palatasi tashkilot prezidenti Yozef Blatter va UYeFA rahbari Mishel Platiniga qo‘llangan sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqishni ilgari surgan.

Foto: «Sports.ru»

Biroz oldinroq, ya’ni 2015-yilning 21-dekabr kuni FIFAning tartib-intizom qo‘mitasi arbitraj palatasi Blatter va Platinini sakkiz yilga (keyinchalik bu muddat ikki yilga qisqartirilgan) futboldan chetlatgan edi. Qo‘mitaning tergov palatasi rahbarlar uchun sakkiz yil juda kam muddat ekanini ta’kidlagan.

«Bobomurodov ishi»

O‘tgan yilning 16-sentyabrida oliy liga doirasidagi «Buxoro» –«Dinamo» o‘yinini boshqargan Rustam Bobomurodovning harakatlarini nazoratchilar qoniqarsiz (4 ball) baholashdi. Futbol muxlislarining e’tiroziga sabab bo‘lgan hakamlik federatsiya miqyosida ko‘rib chiqildi va Bobomurodovning xizmat haqi yuz foiz kamaytirilib, hakamlikdan butunlay chetlatildi.

 O‘zi Ali – ismi Vali!

Yil boshida O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan 5 nafar yosh futbolchi butunlay futboldan chetlatildi. Ular orasida turli yosh toifasida Osiyo va jahon chempionatlarida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida o‘ynagan futbolchilar bor.

Foto: «Championat.asia»

Tekshiruv davomida Abdumutal Abdullayev, Muhammadjon Abdullayev, Ulug‘bek Davlatov, Zokir Ahmadaliyev va Burhon Hasanovlarning asl ism-familiyasi boshqacha ekanligi aniqlandi.

Qaydnomadan o‘tmaganlar

2017-yil 23 — 29-noyabr kunlari Buxoro shahrida 2000 yilda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida respublika chempionati bo‘lib o‘tdi. Ushbu musobaqada yoshi kichraytirilgan va qaydnomadan o‘tmagan futbolchilar ishtirok etgani uchun Sirdaryo viloyati terma jamoasining barcha natijalari bekor qilinib, musobaqadan chetlashtirilgan edi.

Ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston futbol federatsiyasining buyrug‘i chiqib, unda mas’ul shaxslar Jahongir Murodqosimov va Ahror Mirazimovni futboldan butunlay chetlashtirish va ularga futbol bilan shug‘ullanish uchun berilgan litsenziya, sertifikatlarni bir umrga bekor qilish yuzasidan Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasiga taqdimnoma kiritilishi aytib o‘tilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring