Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Osiyo Kubogi, ayollar. O‘zbekiston Janubiy Koreyaga imkoniyatni boy berdi

Osiyo Kubogi, ayollar. O‘zbekiston Janubiy Koreyaga imkoniyatni boy berdi

2026-yilgi Osiyo Kubogi chorak finalida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Janubiy Koreya ayollar terma jamoasidan mag‘lubiyatga uchradi. 6:0 hisobida g‘alaba qozongan koreyslar yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Shunga qaramasdan, milliy jamoamiz Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiradi. Bo‘lg‘usi raqib Yaponiya – Filippin uchrashuvida aniqlanadi — ushbu uchrashuvda yengilgan jamoa ustidan g‘alaba qozonsa, O‘zbekiston terma jamoasi 2027-yilda Braziliyada o‘tkaziladigan ayollar o‘rtasidagi JChga yo‘llanma oladi.

Agar jamoa ushbu o‘tish bahsida ham yengilsa, KXDR/Xitoy Taypeyi o‘rtasidagi o‘yinda mag‘lub bo‘lgan jamoa bilan to‘qnash keladi. Bu uchrashuv g‘olibi xalqaro pley-off o‘yinlari orqali mundial yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiradi, mag‘lub musobaqani tark etadi.

2026-yilgi ayollar o‘rtasidagi Osiyo Kubogida 12 ta terma jamoa ishtirok etmoqda. Ular uchta guruhga bo‘lingan holda bahs olib bordi. Guruhlarda dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar hamda eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etgan ikki nafar uchinchi o‘rin sohibi chorak final bosqichiga yo‘l oldi.

Chorak final g‘oliblari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Mag‘lub jamoalar esa oldindan aniqlangan setka asosida pley-off bosqichida ishtirok etadi. Pley-offda g‘alaba qozongan jamoalar Osiyoning 5 va 6-vakili sifatida mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

JCh-2027 yo‘llanmasi uchun pley-off o‘yinlari:

O‘zbekiston — Yaponiya/Filippin
KXDR — Xitoy Taypeyi

Yarim finalga yo‘l olgan Avstraliya, Xitoy va Janubiy Koreya terma jamoalari allaqachon Jahon chempionati ishtirokchisiga aylanishga ulgurdi. So‘nggi yarim finalchi nomi Yaponiya – Filippin uchrashuvidan keyin ma’lum bo‘ladi.

Ma’lumot uchun: 2029-yilgi ayollar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi O‘zbekistonda o‘tkaziladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring