Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston ikki qo‘shnisi bilan futbol bo‘yicha Osiyo kubogi – 2031’ni qabul qilishga da’vogar

O‘zbekiston ikki qo‘shnisi bilan futbol bo‘yicha Osiyo kubogi – 2031’ni qabul qilishga da’vogar

Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) 2031 va 2035-yillarda o‘tkaziladigan Osiyo kubogi turnirlarini qabul qilish uchun nomzodlar ro‘yxatini e’lon qildi. Unda Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan qo‘shma ariza ham o‘rin olgan. Bu haqda OFK rasmiy saytida ma’lum qilindi.

OFK prezidenti shayx Salmon bin Xalifa taklifiga ko‘ra, Osiyo kubogi-2031 va 2035 mezbonlik masalasi maxsus kongressda ko‘rib chiqiladi. Kongress sanasi hali aniqlanmagan.

Osiyo kubogi - 2031’ni o‘tkazish uchun Avstraliya, Hindiston, Indoneziya, Janubiy Koreya va Quvayt yakka holda da’vogarlik qilmoqda. Markaziy Osiyodan esa Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston qo‘shma ariza taqdim etgan. Birlashgan Arab Amirliklari esa o‘z nomzodini qaytarib olgan.

Osiyo kubogi-2035 uchun Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Quvayt ariza bergan. Markaziy Osiyo davlatlari bu safar «zaxira» variant sifatida qatnashishdan voz kechgan.

Ekspertlar fikricha, Markaziy Osiyo uchun Osiyo kubogi turnirini qabul qilish ham katta imkoniyat, ham katta mas’uliyat hisoblanadi. Qirg‘izistonlik sport jurnalisti Tengerbes Musayev infratuzilma va kadrlar masalasi hozircha asosiy to‘siq ekanini ta’kidlagan bo‘lsa, futbolning so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotgani umid uyg‘otishini aytdi.

Tojikiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati rahbari Faridun Saliyev esa, agar OFK xohish bildirsa, Markaziy Osiyo mamlakatlari turnirni yuqori saviyada o‘tkaza olishini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Osiyo kubogi mintaqada futbol infratuzilmasini rivojlantirishga kuchli turtki beradi.

O‘zbekistonlik sport blogeri Yevdokim Raimov esa O‘zbekiston yirik xalqaro musobaqalarni qabul qilishga to‘liq tayyor ekanini ta’kidladi. U mamlakatda 20 yoshlilar o‘rtasida Osiyo kubogi va futzal bo‘yicha jahon chempionati muvaffaqiyatli o‘tkazilganini eslatdi.

Agar qo‘shma ariza qo‘llab-quvvatlansa, Osiyo kubogi – 2031 tarixda ilk bor Markaziy Osiyo mintaqasida o‘tkazilishi mumkin. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring